Toshkentda davom etayotgan qilichbozlik bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salim Al Qosimi, O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Maqsud Abdusamatov ishtirok etgan tadbirda qilichboz yigitlar shpaga va sablya, qizlar rapira qurolida jamoaviy yo‘nalishda g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Murosasiz bahslar natijasiga ko‘ra, sablyachi yigitlarimiz final janglarida Xitoy vakillarini 45:33 hisobida mag‘lub etdi va haqli ravishda chempionatning oltin medallarini qo‘lga kiritdi.
Shu tarzda jamoamiz 1-o‘rinni, xitoyliklar 2-o‘rinni hamda Qozog‘iston sablyachilari 3-o‘rinni egalladi.
38 ta davlatdan 700 nafardan ziyod sportchi ishtirok etgan qit’a chempionatida mamlakatimiz qilichbozlari umumiy hisobda 7 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medaliga musharraf bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA