Bosh qomusimizga ko‘ra, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi.

Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas. Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.

Aybsizlik prizumpsiyasini tashkil etuvchi bu qoidalar Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar bilan yanada kuchaytirilmoqda.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilganidek, yangi qoidalarga ko‘ra sudning qonuniy hukmi chiqmaguncha shaxs aybsiz hisoblanadi. Bundan tashqari, Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi ekani belgilanmoqda. Telefon so‘zlashuvlarini eshitishga ham sud qarori bilan ruxsat etiladi.

Muhimi, Konstitutsiya qoidalari kelgusida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi. Qomusiy normalarini  to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash uchun Oliy sud plenum qabul qilinishi kifoya qiladi.

Bu yangi me’yorlar insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi himoyasi kuchayishiga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA