Toshkentda poyoniga yetgan «Katta Dubulg‘a» turniri dzyudo sport turining xalqaro maydondagi mavqeyini oshirdi. Uning texnik-taktik darajasini, sportchilarning mahorat bobidagi professionalligini yangi pog‘onaga olib chiqdi. Bu haqda jahon axborot vositalarida bot-bot aytilmoqda.
Turnirda mamlakatimiz terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoada 2-o‘rinni egalladi.
Mahoratli dzyudochilarimiz Murodjon Yo‘ldoshev, Davlat Bobonov va Alisher Yusupov «Katta Dubulg‘a» turnirida oltin medalni qo‘lga kiritib, “Parij-2024” ostonasiga yanada yaqinlashishga muvaffaq bo‘ldi. Ayniqsa, Yo‘ldoshevning Yevropa va Osiyo chempionlarini dog‘da qoldirishi, Yusupovning Jahon chempionati sovrindori yaponiyalik Saitoni mag‘lub etishi, shuningdek, Sardor Nurillayev, Gulnoza Matniyozova, Doston Ro‘ziyev, Muhriddin Tilovov va Muso Sobirovlarning tatamida yangicha uslublarda harakatlanishi turnirga o‘zgacha joziba bag‘ishladi. Dzyudoning chiroyli, takrorlanmas usullarini kashf etdi.
Uch kun davom etgan bahslarda 49 mamlakatdan 364 nafar sportchi raqobatlashgan bo‘lsa, sovrinli o‘rinlar 22 ta terma jamoa a’zolari o‘rtasida taqsimlandi. 30 mamlakat dzyudochilari kuchli sakkizlikdagi kamida bitta o‘rinni egalladi. 12 nafar dzyudochi ilk bor «Katta Dubulg‘a» medallariga Toshkent tatamilarida sazovor bo‘ldi.
Umumjamoada Yaponiya termasi 4 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan 1-o‘rinni egalladi. Hamyurtlarimiz 2-o‘ringa ega chiqdi. 1 ta oltin, 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritgan Avstriya jamoasi kuchli uchlikka yakun yasadi.
Endi dunyo dzyudochilari mart oyining so‘nggi kunlarida Tbilisida o‘tadigan navbatdagi xalqaro turnirda ro‘baro‘ kelishadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA