Braziliyaning “Embraer” konglomerati ishtirokida “Aviatsiya kelajagi: O‘zbekiston. Embraer kuni” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, mintaqaviy o‘rta sig‘imli (150 o‘ringacha) yo‘lovchi tashuvchi havo kemasi ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi sanalgan ushbu korxona jahon bozorida ayni turdagi uchoq savdosining 29 foizini qoplaydi. Taqqoslash uchun boshqa yirik raqobatchilar ulushiga e’tibor qaratamiz: Bombardiyer-23, Airbus-17, ATR-14, Boing-11 foiz.

Konglomerat tomonidan ishlab chiqarilgan, 70 dan ziyod mamlakatga eksport qilingan 2 000 dan ortiq havo kemasidan ayni payt 130 dan ortiq aviakompaniya foydalanmoqda.

Davra suhbati chog‘ida “Embraer” havo kemalari taqdimoti o‘tkazilib, o‘zaro hamkorlik istiqboli muhokama qilindi. “Embraer” konglomerati vitse-prezidenti Joao Pedro Taborda Markaziy Osiyo mintaqasida aviatsiya va turizm sohasi shiddat bilan rivojlanayotgani, aviatsiya bozorida yangi xususiy aviakompaniyalar paydo bo‘layotganini qayd etdi. Qisqa va o‘rta masofaga mo‘ljallangan havo kemalarini mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan aviakompaniyalarga qulay shart asosida yetkazib berishga tayyorlik bildirildi.

Shu bilan birga tadbir davomida mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar sonini oshirish va turistlarga qulaylik yaratish maqsadida xalqaro aviaqatnov yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, o‘rta masofaga xalqaro va ichki qatnovni joriy etishda “Embraer” tomonidan ishlab chiqarilayotgan havo kemalari afzalligi yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir yakunida “Embraer” dunyo bo‘ylab amalga oshirayotgan maxsus targ‘ibot dasturi doirasida “E195-E2” havo kemasini joriy yil iyun oyida mamlakatimizga olib kelish hamda aviakompaniya va turizm sohasi vakillari uchun “Asia connect” anjumanini tashkil etishga kelishib olindi.

 

O‘zA