Manzil-koloniyalar – jazoni ijro etish tizimida mahkumlarni saqlash sharoitlari yengillashtirilgan muassasalardir. Bu yerga o‘tkazilgan mahkumlar nisbatan erkin bo‘ladi, biroq ularning muassasani o‘zboshimchalik bilan tark etishi mumkin emas.

Lekin amalda ularning jazoni o‘tash joylarini o‘zboshimchalik bilan tark etish holatlari sodir etilmoqda. Bunga bunday holatlar uchun mahkumlarga qat’iy jazo choralari belgilanmagani sabab bo‘lmoqda.

Achinarlisi, manzil-koloniyasiga o‘tkazilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan mahkumlar tomonidan jazoni o‘tash davrida bir  qator og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni qayta sodir etish holatlari kuzatilgan.

Birgina 2021 yilda manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan 15 nafar mahkum tomonidan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilgan bo‘lsa, 2022 yilda 77 nafar mahkum tomonidan shunday turdagi jinoyat sodir etilgan.

Shuningdek, qonunchilikda saqlash rejimini ashaddiy buzishning oqibatlari hamda mehnatdan bo‘yin tovlagan deb topishning aniq mezonlari belgilanmagani mahkumlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlar samaradorligiga ta’sir qilmoqda.

Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining  Jinoyat hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida yuqoridagi fikrlar qayd etildi.

Qonun nafaqat mavjud muammolarni bartaraf etish, balki jazoni ijro etish muassasalarida o‘rnatilgan tartib-qoidalarga to‘liq rioya etishga qaratilgan.

Endilikda jazoni ijro etish muassasasi hududini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketgan mahkumlarni saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb topish uchun asos bo‘ladigan 24 soatlik muddat 12 soatgacha qisqartirilib, jazoni o‘tash tartibini buzganlik uchun navbatdagi uchrashuvdan mahrum etish tarzidagi jazo chorasi belgilanmoqda.

Jinoyat-ijroiya kodeksi 112-1-modda bilan  to‘ldirilib, unga ko‘ra saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarga nisbatan manzil-koloniyadan umumiy tartibli koloniyaga, umumiy, qattiq yoki maxsus tartibli koloniyalardan turmaga o‘tkazish to‘g‘risida, shuningdek, manzil-koloniyadan umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga, qattiq tartibli koloniyadan maxsus tartibli koloniyaga, koloniyalardan turmaga qaytarish to‘g‘risida sudga taqdimnoma kiritilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, manzil-koloniyada jazoni o‘tash davrida saqlash rejimini ashaddiy buzganlik uchun umumiy tartibli koloniyaga o‘tkazilgan hamda umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga qaytarilgan mahkumlar, bu haqda sud ajrimi chiqqan kundan boshlab kamida ikki yil mobaynida, shuningdek, manzil-koloniyada jazoni o‘tash davrida jinoyat sodir etib, sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga hukm qilingan mahkumlar manzil-koloniyaga o‘tkazilmasligi belgilanmoqda.

Endilikda mahkumlarni manzil-koloniyaga o‘tkazish muddatlari uzaytiriladi, ya’ni og‘ir jinoyatlar uchun – jazoning kamida uchdan bir qismini, o‘ta og‘ir jinoyat uchun kamida yarmini o‘taganidan so‘ng mahkumlar manzil-koloniyaga o‘tkazilishi mumkin. Mahkumlarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish – og‘ir jinoyatlar uchun jazoning kamida uchdan ikki qismini o‘taganidan so‘ng, o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun esa kamida to‘rtdan uch qismini o‘taganidan so‘ng qo‘llanilishi belgilanmoqda.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA