Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida para yengil atletika bo‘yicha 40 ga yaqin davlat vakillari ishtirokida o‘tkazilgan an’anaviy “Fazza” Gran-pri turnirida mamlakatimiz para sportchilari 9 ta oltin, 7 ta kumush va 10 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Murosasiz bahslarda o‘z yo‘nalishlarida Yorqinbek Odilov, Nurxon Qurbonova, Asila Mirzayorova g‘oliblikka erishgan bo‘lsa, Muhammad Rixsimov, Yoqutxon Xolbekova, Doniyorjon Ahmedov, Doniyor Saliyev sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Xalqaro turnir davomida F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida hamyurtimiz Kubaro Hakimova Osiyo rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, uzunlikka sakrash dasturlarida matonatli atletlarimiz Asila Mirzayorova, Yoqutxon Xolbekova hamda Izzat Turg‘unov jahon reytingidagi eng yaxshi natijalarini qayd etdi.
“Fazza” Gran-pri turnirida 26 ta medallar jamlanmasini qo‘lga kiritgan terma jamoamiz a’zolari umumjamoa hisobida Xitoy va Ukrainadan keyin 3-o‘rinni egalladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA