Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi hamkorligida “O‘zbekiston – Misr: parlamentlararo hamkorlik istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misr Prezidenti Abdulfattoh As-Sisining taklifiga binoan joriy yil 20-21 fevral kunlari ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi yakunlari hamda ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
— Arab mamlakatlari, xususan, Misr Arab Respublikasi bilan ko‘p tomonlama va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, — dedi Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Foziljon Otaxonov. — O‘zbekiston va Misr munosabatlari, an’anaviy do‘stlik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalar ko‘lami kengayib bormoqda. Misr arab davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib, ya’ni 1991 yilning 26 dekabrida mamlakatimiz mustaqilligini tan olgan yurt sifatida tarixga kirgan.
Misr Arab Respublikasiga bo‘lib o‘tgan tashrif yakunida davlat rahbarlarining siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Qo‘shma bayonoti hamda qator ikki tomonlama hujjatlar imzolangani o‘zaro aloqalarni yanada yuqori pog‘onaga olib chiqadi. Xususan, Misrga tashrif doirasida umumiy qiymati 1,6 milliard AQSH dollariga teng 20dan ziyod kelishuv imzolandi. Bu esa ikki mamlakat ishbilarmonlari hamkorligi yanada rivojlanishiga hissa qo‘shadi, — dedi institut direktori.
Davra suhbatida so‘z olgan deputatlar, siyosatshunos olimlar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asoslari, O‘zbekiston – Misr parlamentlararo hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish borasidagi vazifalar, madaniy-gumanitar sohadagi aloqalar, ularni amalga oshirishning amaliy mexanizmlarini belgilash masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, Misrning Al-Azhar universiteti va boshqa ilmiy muassasalari bilan O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida faol hamkorlik o‘rnatilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixan yaqin aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davra suhbatida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan tayyorlangan “Misr Arab Respublikasi parlamenti” to‘plamining taqdimoti o‘tkazildi.
Ushbu to‘plamdan Misr parlamenti, uning boshqaruv apparati, qo‘mitalari haqidagi ma’lumotlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Misr Arab Respublikasi parlamenti bilan hamkorligi bo‘yicha parlamentlararo guruhi va boshqa tarkibiy bo‘linmalari faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlariga doir o‘rganishlar natijalari o‘rin olgan.
Davra suhbatida muhokama etilgan masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
M.Komilova, O‘zA