20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida mamlakatimizda boshlagan 16 ta jamoa ishtirokidagi dastlabki o‘yinlar shiddati, zavqi va ko‘rsatilgan natijalari bilan Osiyo futbolidagi rivojlanish dinamikasini ko‘rsatdi, deyish mumkin.

Poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida tashkil etilgan tantanali ochilish marosimi chinakam bayram kayfiyatini armug‘on etdi. Maxsus chiroqlar yordamida turli manzaralarning namoyish etilishi, ozod va obod vatanimiz bayrog‘i tegrasida chempionatda qatnashayotgan davlatlarning ramzlari sharlar yordamida stadion uzra olib o‘tilishi, Toshkent osmonida mamlakatimiz timsoli, U-20 Osiyo kubogi ramzi va boshqa ajib futbol ko‘rinishlarining aks etgani chinakam mo‘’jiza bo‘ldi.

Shundan so‘ng, “A” guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston-Suriya jamoalari maydonda saf tortishdi. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi, nog‘oralar sadosi ostida boshlangan o‘yin har jihatdan yurtimizning iste’dodli futbolchilari ustunligida kechdi.

Uchrashuvning 37 daqiqasida terma jamoamiz a’zosi Abbosbek Fayzullayev O‘zbekiston futbolchilarini oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 2-bo‘limning 66 daqiqasida suriyalik futbolchilarning Mahmudjon Mahamadjonovga qo‘polligi oqibatida yuzaga kelgan jarima zarbasini Abbosbek Fayzullayev chiroyli tarzda amalga oshirib, hisobdagi farqni 2:0ga yetkazdi. 32757 nafar tomoshabin guvohligidagi o‘yin so‘ngiga qadar natija shu holatda o‘zgarishsiz qoldi.

Endi terma jamoamiz a’zolari o‘z guruhidagi navbatdagi uchrashuvni 4 mart kuni Iroq terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Shuningdek, dastlabki kungi bahslarda U-20 Osiyo kubogining 1-turidan o‘rin olgan “A” guruhidagi Indoneziya-Iroq o‘yinida 0:2 hisobida iroqliklar “V” guruhidagi  Qatar-Eron uchrashuvida 0:1 ko‘rinishida eronliklar, Avstraliya – Vetnam o‘yinida (0:1) vetnamliklar g‘alaba qozonishdi.

To‘lqin Ro‘ziyev, Muhammad Amin (surat), O‘zA.