Tan olishimiz kerak, keyingi olti-yetti yil ichida jurnalistikamizda ro‘y bergan o‘zgarish, yangilanish va rivojlanishlarni ilgari tasavvur etish qiyin edi. Jamiyatimizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar, bir so‘z bilan aytganda, islohotlar jarayonlarini yoritishning qotib qolgan qolipini buzish qiyin kechdi. Ishni zamon talabi darajasida tashkil etish oson bo‘lmadi. «Eski hammom, eski tosga qaytiladi» deguvchilar uchradi. Ammo unday bo‘lmadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘z erkinligi ta’minlanishida sobitligi, ochiqlik siyosati, bu boradagi islohotlarning ortga qaytmas tus olgani, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha qo‘yilgan qadamlar, qolaversa, OAV vakillarining har jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Jumladan, ommaviy axborot vositalarida tanqidiy ruhdagi materiallar ko‘paydi. Noan’anaviylik, sifat va tezkorlik ta’minlanishiga harakat qilinmoqda, bunga qaysidir ma’noda erishilmoqda ham. Yopib qo‘yilgan ko‘plab xorijiy saytlar ochildi, internet nashrlari ko‘paydi, teleradiokanallarimizda jonli efir soatlari oshdi.
Sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida telekanallarimiz yuz foiz raqamli formatga o‘tdi. «O‘zbekiston24», «O‘zbekiston tarixi», “RenessansTV” kabi yangi davlat va nodavlat telekanallar tashkil etildi. Faoliyati to‘xtab qolgan bir nechta gazeta va jurnallar tiklandi. Qayta nashr etila boshlangan «Toshkent oqshomi» gazetasi va «Mushtum» jurnallari shular jumlasidandir.
Bu kabi omillar milliy media maydonimizda o‘ziga xos raqobat yuzaga kelishi va kuchayishiga, aytish mumkin, soha rivojiga turtki berdi. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 iyundagi «Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi, ommaviy axborot vositalari hamda ularda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar uchun keng imtiyoz va imkoniyatlar yaratdi.
Yaqinda Qashqadaryoga tashrif buyurgan Prezidentimiz o‘qituvchilar va bir guruh faxriylar bilan uchrashuvda ham ommaviy axborot vositalari adolatli bo‘lishini, to‘g‘ri tanqid qilishini, qilingan tanqid qishloqlarga, макtabларга, ta’limga foydasi keltirishi lozimligini bejiz alohida ta’kidlamadi.
O‘tgan uch-to‘rt kun ichida bir necha nafar jurnalistlar bilan shu masala xususida fikr almashdik. Ular Yurtboshimiz tomonidan bildirilgan fikrlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Yetarlicha asosga ega bo‘lmagan, adolat ta’minlanmagan, tanqidiy material muallifi – u jurnalistmi, blogermi tegishli tartibda javob berishi, qonun oldida hamma tengligini alohida ta’kidlash joiz.
Kezi kelganda aytish lozim, berilgan bu kabi imkoniyatlardan ayrim jurnalistlar tomonidan shaxsiy manfaat, soxta obro‘ orttirish yo‘lida foydalanish holatlari kam bo‘lsada kuzatilmoqda.
Shu bois, Uyushmamiz va uning hududiy bo‘limlari tomonidan ba’zi jurnalist va blogerlarda uchrayotgan bunday kamchiliklarni bartaraf etish ishiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida o‘tkazilayotgan seminar-treninglarda sohaga oid qonunchilik, O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etika kodeksi mazmun-mohiyatini keng tushuntirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 28 yanvar kuni Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uning viloyat bo‘limi tomonidan «Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda voqelikni yoritish: talab va tavsiyalar» mavzusida davra suhbati o‘tkazilgani, shu yilning 10 mart kuni Navoiyda «Tanqidiy material tayyorlashning o‘ziga xos jihatlari» nomli seminar-trening tashkil etilayotgani ana shu maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar jumlasidandir.
Bugun ommaviy axborot vositalarida ijod qilayotgan jurnalistlarimizga hech kim uni yozma, buni yoz deyayotgani yo‘q. Erkin faoliyat olib borilmoqda, istagan mavzu bo‘yicha materiallar tayyorlayapmiz. Jurnalist va blogerlar tanqid ostiga olgan muammolar o‘rganilmoqda, yechim topmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning yanvar oyida ommaviy axborot vositalari, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlarda markaziy davlat va mahalliy boshqaruv organlari faoliyatiga daxldor 1374 ta tanqidiy material e’lon qilingan.
Yurtimizda jurnalistikadek sharafli va mas’uliyatli sohada minglab hamkasblarimiz faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda ular qatoriga yuzlab yangi avlod vakillari qo‘shildi. Davlatimiz tomonidan ularga sifatli ta’lim berish, kasb sir-asrorlarini o‘rgatish, haqiqat va adolatni ta’minlash yo‘lida faoliyat olib borishni o‘rgatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, davlatimiz rahbari «Men haqiqat va adolatni o‘z e’tiqodi deb biladigan barcha jurnalistlarni islohotlarning faol ishtirokchilari deb bilaman va ular hamisha Prezident himoyasida» deya alohida ta’kidlagan.
Xolmurod SALIMOV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.v.b.