Shveysariyaning Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi o‘rinbosari,Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham anjuman doirasida o‘tkaziladigan yuqori darajadagi segment ishida va boshqa tadbirlarda ishtirok etmoqda.

Tadbirning ochilishida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish so‘zga chiqib, XX asr davomida va XXI asr boshida insoniyat taraqqiyoti yo‘lida erishilgan natijalar endi ortga ketayotganini afsus bilan qayd etdi, ilk bor o‘n yilliklar davomida o‘ta qashshoqlik va ochlik holati to‘xtovsiz ortayotganidan tashvish bildirdi.

bugungi kunda iqlim nuqtai nazaridan “qaynoq nuqtalar” hisoblanadigan hududlarda 3.5 milliard aholi yashamoqda. Guterrishning qayd etishicha, ana shu ulkan ko‘lamli xavotirli hududlar tez orada inson huquqi uchun o‘ta serkulfat joylarga aylanadi.

Bosh kotib ayni vaqt yer yuzida zo‘ravonlik, nizo va inson huquqi buzilishi kabi ofatlardan qochishga majbur bo‘lgan insonlar soni misli ko‘rilmagan darajada ko‘payib, 100 million kishiga yetganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan u barchani qochqinlar va migrantlar huquqini hech bir “kamsitishsiz” ta’minlashga chaqirdi. Binobarin, “bizga qochqinlar va migrantlarga yordam berish uchun xavfsiz, tartibli va qonuniy choralar nihoyatda zarur”, dedi BMT rahbari.

Delegatlar bir oydan ziyod davom etadigan sessiya majlislarida Maxsus ma’ruzachilarning 80 ga yaqin hisobotini tinglab, muhokama qiladilar. Jumladan, bolalar va nogironlar hamda oziq-ovqat va taraqqiyot huquqiga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkaziladi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zolari o‘lim jazosini qo‘llash masalasini ham ko‘rib chiqadi. Irqiy kamsitishning har qanday turiga barham berish yuzasidan munozara olib borish ham mo‘ljallanmoqda.

4 aprelgacha davom etadigan anjuman BMT Kengashi tarixidagi eng uzoq muddatga cho‘zilgan forumga aylanadi.

BMT Inson huquqi bo‘yicha kengashi 2006 yil 5 mart kuni tashkilot Bosh Assambleyasining 60/251-rezolyutsiyasi bilan tashkil etilgan. Mazkur hujjat asosida Kengash inson huquqi sohasida har bir davlat majburiyati bajarilishi bilan bog‘liq Universal davriy tahlilni amalga oshiradi va shu orqali universal miqyosda va barcha davlatlarga bir xil munosabatni ta’minlaydi.

Mazkur tuzilma yer yuzidagi barcha insonlar huquqi rag‘batlantirilishi va himoya qilinishi uchun asosiy mas’ul organ hisoblanadi. Kengashning bosh vazifasi erkinlik, qonun ustuvorligi va adolatni targ‘ib qilishdir. Kengash qarorgohi Jenevada joylashgan.

BMT Inson huquqi bo‘yicha kengash tarkibi 47 davlatdan iborat. O‘zbekiston 2020 yil uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga a’zo sifatida saylangan. Mamlakatimiz 2021 yil 1 yanvardan ayni mas’uliyatli vazifani bajarib kelmoqda.


Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati