Meksikadagi Kolima shahri 2022 yil yakunlari bo‘yicha dunyodagi zo‘ravonliklar eng yuqori darajada bo‘lgan shahar nomini oldi, deb xabar bermoqda “Kazinform” agentligi Mexico Daily Post nashriga tayanib.

Jamoatchilik xavfsizligi va jinoyat sudlari bo‘yicha Fuqarolik kengashining hisobotida keltirilishicha, o‘tgan yili mazkur shaharda yashayotgan har 100 kishiga 181,94 ta qotillik to‘g‘ri kelgan. Bu bilan ushbu shahar 2022 yilda zo‘ravonliklar eng ko‘p qayd etilgan dunyoning 50 ta shahri ro‘yxatining yuqori qismidan joy olgan.

Mazkur hisobot 2009 yildan buyon e’lon qilib boriladi. Shu o‘tgan vaqt mobaynida Kolima shahri har yuz kishiga to‘g‘ri keladigan qotillik darajasi bo‘yicha mamlakatning Samora (2021 yilda 196,63 qotillik va Syudad-Xuares (2010 yilda 229,06 ta qotillik) shahridan keyin uchinchi o‘rinni egalladi.

Ta’kidlash joizki, 2022 yilda dunyodagi eng xavfli 10 shahar safidan Meksikaning bir yo‘la o‘nta shahri – Kolima, Samora, Syudad-Obregon, Sakatekas, Tixuana, Selayya, Uruapan, Xuares va Akapulko joy olgan.

Meksika zo‘ravonlik avj olgan shaharlari eng ko‘p mamlakat bo‘lib qolmoqda. Umuman, dunyodagi aholisi 300 ming kishilik eng xavfli 50 ta shaharning 17 tasi Meksikada ekan.

Eng xavfli shaharlar o‘nligidan AQSHning Yangi Orlean shahri ham joy oldi. Odamlar uchun yashash xavfli bo‘lgan shaharlar ro‘yxatiga Venesuelaning kamida to‘rtta shahri kiritilmagan, chunki bu shaharlardan «ishonchli ma’lumotlar”ni olishning imkoni bo‘lmadi, deyiladi xabarda.

Shimoliy va Janubiy Amerikada inson huquqlarini ta’minlashga ixtisoslashgan WOLA tashkilotining ma’lum qilishicha, 2022 yil may holatida Meksikada 100 mingdan ziyod kishi o‘g‘irlab ketilgan. Bu raqam kundan-kunga ortmoqda. Yo‘qolganlarning chorak qismi ayollar va qizlar. O‘g‘irlab ketilgan 100 ming kishining taxminan 16 mingi voyaga yetmaganlar. 2021 yilning o‘zida mamlakatda 10 ming kishi yo‘qolgan.