Yo‘lga chiqdikmi, demak biz yo‘l harakati ishtirokchisiga aylanamiz. U xoh piyoda, xoh avtotransportda bo‘lsin buning ahamiyati yo‘q.

Yo‘l-transport hodisalari oqibatida ro‘y bergan fojialar to‘g‘risidagi xabarlar hech kimni befarq qoldirmaydi. Baxtsiz hodisa guvohlarining  o‘ziga kelishi uzoq vaqtni talab qiladi. Ishtirokchilar esa nafaqat yo‘l harakati qoidalariga, balki hayotga bo‘lgan munosabatini ham qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan 2022 yilda sodir  bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining 1 ming 577 tasida haydovchilar belgilangan tezlikka rioya etmagan. 845 tasida svetofor yoki yo‘l belgisiga amal qilinmagan, 1 ming 17 holatda piyodalar o‘tish joyi tashkil etilmagan, 1 ming 154 holatda piyodalar harakatini cheklovchi to‘siqlar o‘rnatilmagan.

1 ming 46 holatdagi yo‘l-transport hodisalariga haydovchilarning tajribasizligi sabab bo‘lgan. 343 holatda haydovchi uxlab qolgan, 493 holatdagi yo‘l-transport hodisalari  transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan  haydovchilar tomonidan sodir etilgan.

Afsuski, ayrim fuqarolar piyodalar yo‘lakchalari yoki tunel orqali o‘tish yo‘llari bo‘la turib, belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tishga urinadi. Aynan mana shu xato sababli 4 ming 449 holatda piyodalar bilan hamda 1 ming 136 holatda velosipedlar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan.

Yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yo‘llarda avariya va o‘lim holatlarini keskin qisqartirish, harakatni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbarining 2022 yil 12 iyuldagi “2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, mazkur hujjatda bir qator chora-tadbirlar belgilab berilgan.

Xo‘sh, bu bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati rahbari Azizxon Murodovning so‘zlariga ko‘ra,  mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning 5 ta dolzarb yo‘nalishlari tuzib chiqilgan.

– Eng avvalo автомобиль yo‘llari infratuzilmasini takomillashtirish va ularning sifatini yaxshilash, yo‘l harakati ishtirokchilarining “piyoda – jamoat transporti – velotransport – avtotransport” ustuvorligi asosida xavfsiz harakatlanishi uchun ishonchli shart-sharoitlar yaratish lozim, – deydi A.Murodov. – Shuningdek, ҳайдовчиларni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy qilgan holda, o‘quv jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish talab etiladi.  Haydovchi va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirish, har qanday qoidabuzarlik uchun jazo muqarrarligini ta’minlash lozim bo‘ladi.

Yo‘l harakati qoidalari asoslarini bolalikdan singdirishni yo‘lga qo‘yish, ushbu amaliyotni maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarida joriy etish kerak. Yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolarni ham joy-joyiga qo‘yish vaqti keldi. bugungi kunda mamlakatimizda 1 ming 733 ta xalqaro ahamiyatdagi yo‘llar, 3 mingdan ortiq davlat ahamiyatidagi va 2 ming 378 ta mahalliy umumfoydalanish yo‘llari mavjud. Sohada qabul qilinayotgan hujjatlarning ijrosini ta’minlash insonlar hayotini, sog‘ligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Xususan, Samarqand shahrining yo‘l infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy yo‘l belgilarini o‘rnatishga doir bajarilgan ishlar asosida Samarqand shahrida yo‘l harakatini samarali tashkil etish bo‘yicha “hudud tajribasi” yaratildi. Buxoro viloyatida “Avtoavariya o‘choqlarini”ni bartaraf etish bo‘yicha yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining faoliyati namunali yo‘lga qo‘yilib, o‘ziga xos tarzda “mahallabay” ishlash tizimi doirasida “hudud tajribasi” yo‘lga qo‘yildi.

“Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB hamda viloyatlar IIB JXX Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari ekspluatasiya-montaj bo‘linmalari tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, 10 ming 902 dona yangi yo‘l belgilari o‘rnatildi. 12 ming 54 dona yaroqsiz holga kelgan yo‘l belgilari almashtirildi, maktablar oldida 3 ming 376 dona tezlikni cheklovchi yo‘l belgilari o‘rnatildi. 1 ming 390 dona yo‘l ko‘rsatkichlar o‘rnatildi. 101 ta yangi svetofor ob’ektlari qurildi. 193 ta svetofor ob’ektlari rekonstruksiya qilindi, 58 ta yangi piyodalar svetofor ob’ektlari qurildi, 204 ta piyodalar boshqaradigan svetoforlar o‘rnatildi, 31 ta piyodalar svetofor ob’ektlari rekonstruksiya qilindi, 7 km2 yo‘l yotiq chiziqlari chizildi.

Maktab o‘quvchilariga “Yo‘l harakati qoidalari”ni o‘rgatish uchun respublikamizning 993 ta maktablarida “Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish sinfxonalari” va 903 ta mahallada hamda 873 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maydonchalari” tashkil etildi.

Bundan tashqari, ko‘zi ojizlar uchun respublika bo‘yicha 15 ta “Nurli maskan” maktablari hududida “Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maxsus maydonchalari” tashkil etildi, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar yashaydigan hududlarda ovozli svetoforlar va hassa bilan yurish uchun  moslashtirilgan alohida yo‘laklar foydalanishga topshirildi. Xavfsiz yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha ko‘zi ojizlar ta’lim oladigan, mehnat qiladigan hamda yashash hududlarida hacsa bilan yurish uchun  moslashtirilgan alohida yo‘laklar ham tashkil etildi.

Yo‘llar holati va infratuzilmasining yaxshilanishi, albatta, yo‘llardagi baxtsiz hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi. Aмалга oshirilayotgan bu o‘zgarishlarning barchasi yo‘llarimizda harakatlanish xavfsizligini ta’minlaydi.  Shu bois o‘z sog‘lig‘imizni muhofaza etish uchun ham yo‘l qoidasi talablariga qat’iy rioya etishimiz kerak.

 

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.

O‘zA