Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 2023 yilda Boku bilan Yerevan munosabatlarining yaxshilanishida burilish bo‘lishidan umid bildirdi. “Umid qilamanki, 2023 yilda Ozarbayjon bilan Armaniston munosabatlarining yaxshilanishida burilish bo‘ladi. Nima bo‘lganda ham, biz bunga ishonamiz”, – dedi davlat rahbari dushanba kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.

Aliyev tinchlik jarayonida ishtirok etayotgani uchun Rossiya hukumatiga va shaxsan RF tashqi ishlar vaziriga minnatdorchilik bildirgan. “O‘ylashimcha, Rossiya bizning do‘stimiz, ittifoqchimiz va qo‘shnimiz sifatida tinchlik o‘rnatilishi yo‘lidagi sa’y-harakatlarda muhim o‘rin tutadi”, – deya ta’kidlagan u. Ozarbayjon Prezidentining ta’kidlashicha, o‘tgan yili Baku bilan Yerevan o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishiga qaratilgan muhim sa’y-harakatlar amalga oshirildi.

Kelgusida imzolanishi kutilayotgan tinchlik shartnomasining konseptual tabiatini aniqlab beruvchi hujjatlar qabul qilindi. O‘tgan yili oktyabrda Praga va Sochida qabul qilingan ikki mamlakatning hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan olishga qaratilgan hujjatdan tinchlik shartnomasini imzolashda asos sifatida foydalanish mumkin, – deya qo‘shimcha qilgan Aliyev.