Vashington ma’muriyati hozircha koronavirusning kelib chiqishi bo‘yicha bir fikrga kela olmagan, Vashington Pekin tomonidan hamkorlik qilinishini kutmoqda. Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi jurnalistlar uchun uyushtirilgan brifingda ma’lum qildi.
“Hukumatda kovid aynan qanday paydo bo‘lgani haqida konsensus yo‘q”, – dedi u AQSH energetika vazirligining kuni kecha koronavirus laboratoriyadan sizib chiqqan, deb tarqatgan xabariga izoh berar ekan.
Kirbining ta’kidlashicha, “razvedka hamjamiyatida ushbu masalada konsensus yo‘q”. Kirbi koronavirusning kelib chiqishini aniqlashning ahamiyatini alohida qayd etar ekan, bu kelgusida bo‘ladigan pandemiyalarning oldini olish yoki unga yaxshiroq tayyorlanish uchun muhim ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, AQSH hukumati ushbu masalani hamon o‘rganmoqda.
“Biz Pekinga koronavirusning kelib chiqishini tekshirishda biz bilan hamkorlik qilishini hamda bu ishda shaffoflikni istashimizni har doim aytib kelganmiz”, – dedi Kirbi.