Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko XXR Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 28 fevraldan 2 martgacha Pekinda bo‘ladi, Xitoy rahbariyati bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari va xalqaro vaziyatni muhokama qiladi.

Tashrif doirasida turli sohalardagi hamkorlikka oid qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Bu haqda Belarus davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

“Belarus va Xitoy yetakchilari tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazishadi. Asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish, siyosiy sohada o‘zaro hamkorlik taraqqiyotiga qaratiladi”, deyiladi hujjatda.

O‘tgan yilning sentyabr oyida Samarqandda Shanxay Hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida ikki tomonlama uchrashuvda Belarus va Xitoy rahbarlari o‘zaro munosabatlarni “yangi bosqichga – har tomonlama strategik sheriklik” darajasiga olib chiqish bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya qabul qilishgan edi.

Bo‘lajak tashrif, deya ta’kidladi matbuot xizmati, “XXR bilan do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli kurs”ning davomi bo‘ladi.

Pekinda, shuningdek, Lukashenko bilan XXR yuqori mansabdor shaxslari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalangan.

 

O‘zA