Turkiya va Misr o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi ikki davlat manfaatlariga mos keladi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlyut Chavusho‘g‘li misrlik hamkasbi Samex Shukri bilan uchrashuvda aytib o‘tdi, deb xabar berdi “Anadolu” agentligi.

Ikki davlat vaziri Mersin portiga tashrif buyurib, zilzila qurbonlari uchun Misrdan “Al-Xuriya” kemasida kelgan 520 tonnalik insonparvarlik yordamini kutib olish marosimida ishtirok etishdi.

“Turkiya va Misr o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi ikki tomon uchun ham foydali bo‘ladi, lekin bu butun mintaqamiz barqarorligi va rivojlanishi uchun ham nihoyatda muhim”.

“Munosabatlarimiz sovuqlashgan davrda ham qayta-qayta ta’kidlanganidek, Misr O‘rtayer dengizi, arab dunyosi va islom olami, Falastin, Afrika va Turkiya uchun ham muhim davlatdir. Biz kuchli Misrdan manfaatdormiz”, deb qo‘shimcha qildi Chavusho‘g‘li.

TIV rahbari, shuningdek, Turkiya va Misr Prezidentlari Rejep Tayyip Erdog‘an va Abdel Fattoh As-Sisining Dohadagi uchrashuvi nihoyatda samarali bo‘lganini ta’kidlab, ikki yetakchining Anqarada uchrashuviga hozirliklar boshlanganini ma’lum qildi.

 

O‘zA