Nogironligi bo‘lgan shaxslarni “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi orqali, shu jumladan, zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda joriy etiladigan shaffof elektron navbat doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ustuvorlik beriladi.
Bunda, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash uchun so‘rovnomalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatidan bitta so‘rovnoma va umumiy ro‘yxatdan bitta so‘rovnoma tartibida navbatma-navbat shakllantiriladi.
Bu kabi imkoniyat va imtiyozlar davlatimiz rahbarining 27 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Unda aytiladiki, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi (yo‘lda kuzatib boruvchi) bir nafar fuqaro uchun davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan, shu jumladan, davlat xizmatlari markazlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat muassasalarida fuqarolarning bevosita hozirligida (joyida) ko‘rsatiladigan xizmatlardan navbatsiz foydalanish, davlat idoralari rahbarlari (mansabdor shaxslari) qabuliga navbatsiz kirish bo‘yicha imtiyoz beriladi.
O‘zA