O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida 24 fevral kuni Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.

Davlatimizning ijtimoiy siyosati har bir mahallaga kirib borish va aholi talabini manzilli hal etishga qaratilgan. Qarshi tumanidagi Yangi Batosh mahallasida ham infratuzilma izchil rivojlantirilmoqda. 2021 yilda tashkil topgan mahalla bo‘lgani bois bu yerda maktab yo‘q edi. 500 dan ortiq o‘g‘il-qiz 10 kilometr masofadagi maktabga qatnardi.

Yaqinda bu yerda yangi maktab qurib bitkazildi. Prezidentimiz mahallaga tashrifi chog‘ida uni kirib ko‘rdi.

Maktab 660 o‘rinli. O‘ttizdan ortiq sinfxonalar, kutubxona, majlislar zali, oshxona, STEM laboratoriyasi, kompyuter xonasi va kasbga yo‘naltirish xonalari mavjud. Ochiq va yopiq sport maydonchalari, yo‘l harakati xavfsizligi yo‘laklari tashkil etilgan.

Ma’lumki, mamlakatimizda yoshlarni kamida ikkita chet tili va bitta zamonaviy hunarga o‘rgatish maktab ta’limidagi asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. Yangi maktabda ham bunga sharoit yaratilgan. Maxsus jihozlangan xonalarda o‘quvchilar tikuvchilik, zargarlik, pazandachilik, sartaroshlik, elektrotexnika, kompyuter va mobil telefonlarga xizmat ko‘rsatish, robototexnika bo‘yicha kasb sirlarini o‘rganadi.

Davlatimiz rahbari o‘quvchilar bilan muloqotda bo‘ldi.

– Shunday sharoit yaratayapmizki, o‘quvchilar maktabdan chet tillarini va hunar o‘rganib chiqadi. 11-sinf hayotga yo‘llanma beruvchi sinf bo‘ladi. Agar har bir yosh shunday o‘qib, jamiyatda o‘z o‘rnini topsa, O‘zbekistonimizga mustahkam zamin bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shu yerda qashqadaryolik o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.

– Har bir islohotda, qaror qabul qilishda o‘qituvchilar ko‘z oldimda bo‘ladi, – dedi davlat rahbari. – Sir emas, ilgari bolalar uch oylab paxtaga chiqarilardi. Birgina Qashqadaryoda 155 ming o‘quvchi o‘rni yetishmasdi. Buning uchun viloyatga 1 trillion mablag‘ ajratildi. 215 ta maktab qurildi. Bugun Qashqadaryo maktablar soni bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinda. O‘qituvchilarning oylik maoshlari ham oshirildi. Albatta, bularni yana davom ettiramiz. Lekin asosiysi – sifat bo‘lishi kerak. Bu, avvalo, o‘qituvchilarning bilimiga, dunyoqarashiga, fidoyiligiga bog‘liq.

Uchrashuvda pedagoglar o‘z faoliyati haqida so‘zlab, fikr va takliflarini bildirdi.

Davlatimiz rahbari Yangi Batosh mahallasi aholisining hayoti bilan yaqindan tanishdi.

Bu yerda 4 mingdan ziyod aholi yashaydi. Hudud obodonlashtirilib, tadbirkorlik rivojlanmoqda. To‘qimachilik korxonasi, dorixona, minibank, oziq-ovqat do‘konlari va xizmat ko‘rsatish ustaxonalari aholi xizmatida.

Mahallada Kasanachilik markazi tashkil etilmoqda. Prezident unda yaratilayotgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Bu yerda tikuvchilik, charmdo‘zlik, gilamchilik mahsulotlari tayyorlanishi bilan birga kasanachilarga ish ham o‘rgatiladi. Hokim yordamchisi hamda xotin-qizlar faoli tomonidan ishsiz fuqarolar aniqlanib, qiziqish va xohishlariga ko‘ra yo‘nalishlar bo‘yicha ustalarga biriktiriladi. Buyurtmalarni tayyorlashni to‘liq o‘zlashtirgan kasanachilarga uyida ishlashi uchun kerakli dastgoh hamda xomashyo beriladi. Buyurtmachi va kasanachi o‘rtasida tuzilgan shartnomalar hokim yordamchisi tomonidan “Yagona mehnat milliy tizimi”ga kiritiladi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi hunarmandlarni xomashyo bilan ta’minlash, aholi zich mahallalardagi kollejlarning ma’lum xonalarini kasanachilarga ajratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

– O‘zi hunar o‘rganishning eng katta zamini – mahalla. Bu an’anamizdan foydalanib, kasanachilik hamda ustoz-shogirdlik asosida yoshlarni hunarli qilish mumkin. Bu ularga, ayniqsa, xotin-qizlarga ham ma’naviy, ham moddiy kuch bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Markaz Yangi Batoshdan tashqari unga tutash Batosh, Xoniyon, Taraqqiyot, Dasht, Jumabozor kabi mahallalarga ham xizmat qiladi. U to‘liq ishga tushsa, qariyb 24 ming nafar aholi bandligida muhim omil bo‘ladi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti faoliyati bilan tanishdi.

Ma’lumki, bu ta’lim muassasasi 1994 yilda Jizzaxda tashkil etilgan. Lekin u yerda bo‘lajak uchuvchilar amaliyot o‘tashi uchun sharoit yetarli emasdi.

Davlatimiz rahbari 2018 yilda Qarshi tumanidagi Xonobod harbiy aerodromida bo‘lganida harbiy uchuvchilar tayyorlashda ushbu aerodrom imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar bildirgandi. Shu asosida, oliy harbiy aviatsiya bilim yurti 2019 yilda Qarshi shahriga ko‘chirildi. O‘quv va mashg‘ulot binolari zamonaviy trenajyorlar, uskunalar, axborot texnologiyalari bilan jihozlandi.

Bu kursantlarga Xonobod aerodromida harbiy havo kemalarini boshqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borish, bevosita o‘quv poligonlarida ishtirok etish imkonini bermoqda. Parvozga tayyorgarlik markazi va  axborot-resurs markazi, 4 ta mutaxassislik yo‘nalishlari borasida o‘quv laboratoriyalari harbiy uchuvchilarning professionallik darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.

120 o‘rinli madaniyat markazi, 400 o‘rinli yotoqxona, oshxona, saf maydoni va sport shaharchasi kursantlar ixtiyorida. Ayni paytda bu yerda  276 nafar kursant ta’lim olmoqda.

Prezidentimiz muassasadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Yoshlar bilan suhbatda o‘z mutaxassisligi bilan birga qo‘shimcha xorijiy tillar va zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘rganishning ahamiyati ta’kidlandi.

– Har bir davlatning mudofaasi uning qudratini ko‘rsatadi. Mudofaani esa sizga o‘xshagan bilimli, aqlli, irodali harbiylar, muhandis va uchuvchilar ta’minlaydi. Bunga munosib bo‘lish uchun doim o‘qib-o‘rganib, o‘z ustingizda ishlab, har tomonlama barkamol bo‘lib yetishishingiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oliy Bosh Qo‘mondon bilim yurti oshxonasida kursantlar bilan birga tushlik qildi. Sport va o‘quv mashg‘ulotlarini ko‘rdi. O‘quv yurti uzra hujumchi, qiruvchi, transport samolyotlar, jangovar vertolyotlar ishtirokida harbiy aviatsiya parvozlari namoyish etildi.

Mutasaddilarga dunyoda kuzatilayotgan xavf-xatarlardan kelib chiqib, havo mudofaasini yangi pog‘onaga ko‘tarish, tajriba tariqasida uchuvchisiz qurilmalar yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Ushbu bilim yurti faoliyatini ham shunga muvofiq takomillashtirish, xorijiy muassasalar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joylarga chiqqanda xalq ichiga kirib, aholi turmush darajasini yaqindan o‘rganadi. Turmush darajasi esa, avvalo, ichki bozordagi mahsulotlarda, narx-navoda namoyon bo‘ladi.

Yangi yil arafasida Qarshi shahrida ko‘p qavatli savdo majmuasi ishga tushgan edi. Unda oziq-ovqat, maishiy texnika, xo‘jalik mollari do‘konlari va ko‘ngilochar maskanlar joylashgan.

Davlatimiz rahbari ushbu majmuaga tashrif buyurib, oziq-ovqat va maishiy texnika do‘konlarini kirib ko‘rdi. Mahsulotlarning sifati va narxlariga e’tibor qaratdi. Ularning aksariyati mamlakatimizda ishlab chiqarilayotganini yuqori baholadi.

Xaridorlar bilan suhbatda davlatimiz rahbari oziq-ovqat mahsulotlarining narxi va xizmatlar haqida ularning fikrlari bilan qiziqdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi «Buyuk Turon» kichik sanoat zonasida ham bo‘ldi.

Bu yerda hozircha 2 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, 500 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Joriy yil oxiriga qadar yana 2 ta loyiha ishga tushiriladi va umumiy ish o‘rinlari soni 1 ming 500 taga yetadi.

O‘tgan yili faoliyat boshlagan “Alp Texno Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati yiliga 120 ming dona televizor va monitorlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona JVC, TCL, Zimmer brendlarining auditidan o‘tib, shu nomlar ostida tashqi bozorga chiqmoqda. O‘tgan yili 3 million dollar mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 6 million dollarga yetkazish reja qilingan.

Bu yerda 70 ta ish o‘rni yaratilgan. Yaqinda plata terish hamda plastik qismlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va yana 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari elektrotexnika mahsulotlari, ularni ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Korxona ishchilari bilan suhbatlashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Tadbir boshida 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Qarshi tumanidagi “Omad start”, Qarshi shahridagi “Kitob ip yigiruv”, Dehqonobod tumanidagi “Baxt tekstil”, Shahrisabz shahridagi “Oqsaroy tekstil” va “Pit-stop” korxonalari hamda mebel fabrikasi vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi.

Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni rasman ishga tushirdi.

Yig‘ilishda, avvalo, viloyatda energiya ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rsatib o‘tildi.

Joriy yilda viloyatda elektr iste’moli 6,9 milliard kilovatt soatni tashkil etib, 310 million kilovatt taqchillik bo‘lishi kutilmoqda. Shu bois, alohida qaror qabul qilinib, bu taqchillikni ortig‘i bilan qoplash bo‘yicha ishlar boshlandi.

Xususan, Nishon va Chiroqchi tumanlarida 3 ta quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Davlat idoralari, korxona va xonadonlarda 76 Megavattli quyosh panellari o‘rnatish imkoniyati bor. Elektr tarmoqlari yangilanib, energiya iste’moli yuqori bo‘lgan qurilmalar almashtiriladi. Shuningdek, yiliga 2,2 milliard kilovatt sarflaydigan Qarshi magistral kanalining nasos stansiyalarida 6 chastotali boshqarish vositasi o‘rnatiladi.

Bu orqali shu yilda 50 million kilovatt, kelgusi yildan boshlab yiliga 175 million kilovatt elektr iqtisod qilinadi.

Yig‘ilishdagi asosiy masala sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlashga oid bo‘ldi.

So‘nggi besh yilda Qashqadaryoga 10 milliard dollar investitsiya jalb qilingan. Tadbirkorlar soni 2,5 baravar ko‘payib, qo‘shimcha 325 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Ilgari sanoati past bo‘lgan 8 ta tumanda ishlab chiqarish 2-3 baravar oshib, viloyatdagi ulushi 36 foizga yetgan.

2023 yilda viloyatga 1,5 milliard dollar investitsiya jalb qilib, 440 ming aholini daromadli ish bilan ta’minlash belgilangan.

Davlatimiz rahbari bandlik masalasiga alohida e’tibor qaratib, bu boradagi imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Xususan, viloyatda 80 ta mahallada 6 mingdan ziyod aholi kasanachilik bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston Prezidenti imzolagan qarori keng imkoniyatlar yaratadi. Jumladan, tadbirkorlarga har bir jalb qilingan kasanachi uchun, 2 million so‘mgacha imtiyozli revolver kredit va 1 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Kasanachilarga o‘zini o‘zi band qilib, soliq to‘lamasdan shug‘ullanishga ruxsat etiladi. Kasanachilikka jalb qilingan ehtiyojmand fuqaroga ijtimoiy nafaqa 6 oy davomida to‘lab beriladi. Asbob-uskuna va xomashyo sotib olishga 9 million so‘mgacha subsidiya taqdim etiladi. Kasanachilarni jalb qilgan tadbirkor va klasterlar uchun foyda va aylanma solig‘i, davlat mulki ijarasi 2 baravar kamayadi.

Bular orqali Qashqadaryoda yana 150 ta mahallada qo‘shimcha 20 ming aholini kasanachi qilish mumkinligi qayd etildi.

Mahallalardagi bandlik va ijtimoiy masalalarni hal qilishda klasterlar faol bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Dehqonobod, Yakkabog‘, Shahrisabz va Nishon tumanlarida suv ta’minotini yaxshilab, 10 ming aholini band qilish, Mirishkordagi 5 ming gektarli tabiiy ko‘lda baliq yetishtirishni ko‘paytirish vazifalari aytib o‘tildi.

Sanoat zonalarida bo‘sh turgan maydonlarda 50 ta loyihani amalga oshirib, 2 mingta ish o‘rni yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, joylardagi “o‘sish nuqtalari”ga tadbirkorlarni jalb qilib, qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.

– Har bir tumanda salohiyatni loyihaga, loyihani ish o‘rinlariga aylantirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilganidek, Shahrisabz, Kitob, Qamashi va Yakkabog‘ tumanlari turizm salohiyatining yarmi ham ishga solinmagan. Buning uchun “Shahrisabz – Qarshi – Samarqand” yo‘nalishiga elektr poyezdi qo‘yib, yo‘lovchi oqimini oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu turizm, savdo va servis rivojiga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.

Yig‘ilishda viloyat va tuman hokimlari, oqsoqollar, ziyolilar, tadbirkorlar o‘z takliflarini bildirdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘lmas BAROTOV,

O‘zA muxbirlari