BMT Bosh Assambleyasi Rossiyaga qarshi g‘arb mamlakatlari tomonidan tayyorlangan rezolyutsiyani qabul qildi. Jahon ommaviy axborot vositalarining yozishicha, hujjat “Ukrainada keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatishning asosiy tamoyillari”, deb nomlangan.

Mazkur rezolyutsiyani ma’qullab 141 davlat ovoz bergan, yetti davlat qarshi chiqqan, 32 ta davlat betaraf qolgan. Rezolyutsiya qabul qilinishiga qarshi Rossiya, Belarus, KXDR, Eritreya, Mali, Nikaragua, Suriya ovoz bergan. Betaraf qolgan mamlakatlar orasida Armaniston, Xitoy, Hindiston, Kuba, Eron, Qozog‘iston, JAR, Efiopiya, Vetnam, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Pokiston va yana bir qancha mamlakatlar bor. Serbiya Vengriya hujjatni qo‘llab-quvvatlagan.

Rezolyutsiyada, “Bosh Assambleya BMT Nizomi tamoyillariga binoan, keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlikka tezroq erishish zarurligi ta’kidlanadi”.

Unda aytilishicha, “BMT Bosh Assambleyasi a’zo davlatlarni hamda xalqaro tashkilotlarni BMT Nizomi doirasida Ukrainada keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlikka erishish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqiradi”, deyilgan. Hujjatda ta’kidlanishicha, Bosh Assambleya Ukrainaning birligi va hududiy yaxlitligini xalqaro tan olingan chegaralarda saqlanishi tarafdori.

Rezolyutsiyada Rossiyadan o‘z qurolli kuchlarini zudlik bilan Ukraina hududidan olib chiqilishi talab qilingan.

Bundan tashqari, hujjat matnida Moskva Ukrainaning o‘ta muhim infratuzilmalariga zarba berishni to‘xtatishga, shuningdek, “fuqaro ob’ektlariga, jumladan turar-joylar, maktab va kasalxonalarga hujum qilmaslikka chaqiriladi, deyiladi xabarlarda.