«Nuroniy» jamg‘armasida «Xalq so‘zi» – «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyati, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlikda atoqli jurnalist Ahmadjon Muxtorov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Xotira tadbirida taniqli jurnalist Ahmadjon Muxtorov hayoti, faoliyati, ijodi, milliy manfaatlarimizni himoya qilish borasidagi zahmatli mehnatlari xususida batafsil so‘z yuritildi.
– Prezidentimiz «Yangi O‘zbekiston» g‘oyasini ilgari surar ekan, bu ma’rifiy g‘oya turli qoliplardan xoli, rostmana yangi va toza bo‘lmog‘i kerakligini ko‘p uqtiradilar, – dedi «Nuroniy» jamg‘armasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev. – Bu borada milliy jurnalistika sohasida o‘ziga xos maktab yaratgan ustoz ijodkorlar xotirasini e’zozlash burchimizdir.
– Ahmadjon Muxtorovni 1971 yildan beri bilaman, – dedi taniqli psixolog olim Mahmud Yo‘ldoshev. – U inson fikr aytish g‘oyat og‘ir bo‘lgan davrda ham so‘zlarini hatto Kreml minbaridan aytgan jurnalist edi. Bugun jadid bobolarimiz haqida ko‘p gapirilyapti. Jurnalistikamizda maktab yaratgan insonlarning jasoratini ham namuna qilsak, arziydi.
Darhaqiqat, xotira tadbirida ta’kidlanganidek, Ahmadjon Muxtorov ko‘p yillar bosma ommaviy axborot vositalarida, jumladan, «Xalq so‘zi» – «Narodnoye slovo» tahririyatlarida bosh muharrir bo‘lib mehnat qilgan. Ahmadjon Muxtorov fidoyi, jur’atli, jasur, mustaqil va dadil fikrli jurnalist sifatida yurtimiz media sohasidagi kuchli shaxslarlardan biri edi.
Xotira tadbirida taniqli jurnalistning ijod yo‘li, mahorat maktabi, faoliyatining ibratli jihatlari xususida batafsil so‘z yuritildi. Uning ijod yo‘li, hayotiga oid alohida kitob chiqarish xususida taklif bildirildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA