Aholi keng qatlamlarining moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish hamda dolzarb muammolarni samarali bartaraf etishda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining munosib o‘rni bor. Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini (NNT) va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda jamoat fondining jamiyatdagi eng muhim dolzarb muammolarni hal qilishda NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash Dasturi ko‘rib chiqildi.

— Dasturda 2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash muhim vazifa sifatida belgilandi, — dedi Parlament komissiyasi raisi Adham Shodmonov. — 2023 yil NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining dastur va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan 226,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu 1000dan ortiq dastur va loyihalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini yaratadi. Davlat grantlari shaklida 17 milliard so‘mlik 180 dan ortiq loyihalar amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ushbu loyihalar xotin-qizlar va yoshlarning bandligiga ko‘maklashish, islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, ta’lim sifatini oshirish, ma’naviy muhitini sog‘lomlashtirish, yot g‘oyalar ta’siriga qarshi kurashish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, kambag‘allikni qisqartirish, sog‘liqni saqlash, ekologiya sohalarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Jumladan, davlat subsidiyasi shaklida jamoat tashkilotlarining ustav faoliyati va yillik ish rejasini bajarishga 191 milliard 490 million so‘m yo‘naltirish belgilandi.

Yig‘ilishda parlament komissiyasi tomonidan “Jamiyatda va oilada sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlash” va “Aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish” mavzularida davlat grantlari ajratish uchun  birinchi va ikkinchi tanlovlar e’lon qilish tasdiqlandi. Tanlovlar Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan joriy yilning 27 fevralidan 31 martigacha o‘tkaziladi.

 

M.Komilova,

O‘zA