Bugun Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatida «Osiyo bolalari» II xalqaro qishki sport o‘yinlari boshlanadi.
2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lgan mazkur musobaqalarda Osiyoning 12 ta mamlakati, shuningdek, Belarus va Rossiyaning 8 mintaqasidan jamoalar ishtirok etish uchun jam bo‘ldi, deyiladi II «Osiyo bolalari» o‘yinlari sayti xabarida.
Bolalar o‘rtasida qishki sport turlarini ommalashtirishda muhim musobaqa bo‘lgan ushbu o‘yinlarda mamlakatimizning xokkey va figurali uchish jamoalari O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
«Osiyo bolalari» II xalqaro qishki sport o‘yinlari dasturidan chang‘i sporti, tezkor konkida uchish, figurali uchish, xokkey, chang‘ida sakrash, erkin uslub, snoubord, chang‘i sporti va qor voleyboli joy olgan. Shuningdek, ilk bor o‘yinlar dasturiga kompyuter sporti ham kiritildi.
Musobaqalar jarayonida yosh sportchilar 57 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi.
Kecha O‘zbekiston xokkey federatsiyasi ijrochi direktori Elbek Mahmudov rahbarligidagi mamlakatimiz xokkey jamoasi «Osiyo bolalari» II xalqaro qishki sport o‘yinlarida qatnashish uchun Kemerovoga yetib bordi.
– 22 nafar yosh xokkeychi, 2 nafar murabbiy, 1 nafar delegatsiya rahbaridan iborat jamoamiz ushbu o‘yinlarda ishtirok etish uchun yetib keldik. Xokkey musobaqalari Kemerovo viloyatning Novokuznetsk shahrida tashkil etiladi. Musobaqalarda Belarus, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Rossiyaning 4 hudud jamoasi 3 guruhga bo‘lingan holda ishtirok etmoqda. Qur’a natijasiga ko‘ra, yosh xokkeychilar jamoamiz 2 guruhda Mo‘g‘uliston va Qirg‘iziston vakillari bilan joylashdi. Dastlabki o‘yinni 28 fevral kuni o‘tkazamiz. Ungacha mashg‘ulotlarda qatnashamiz, – deydi telefon orqali muloqotda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi ijrochi direktori Elbek Mahmudov.
Yoshlar siyosati va sport vazirligidan ma’lum qilinishicha, «Osiyo bolalari» II xalqaro qishki sport o‘yinlarida figurali uchish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi ham qatnashishi rejalashtirilgan bo‘lib, 3 nafar sportchi va 2 nafar mutaxassisdan iborat jamoa musobaqalarda ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘yinlar dasturiga binoan bugundan ayrim sport turlaridagi bahslarga start berildi. «Osiyo bolalari» II xalqaro qishki sport o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi 25 fevral kuni tashkil etilib, bahslar 5 martga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA