Prezident raisligida raqamlashtirish bo‘yicha 2023 yilgi vazifalar va rejalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ichki ishlar idoralarida 34 ta, adliya idoralarida 32 ta, “O‘zstandart”da 29 ta, sog‘liqni saqlashda 11 ta xizmat elektron shaklga o‘tkazilmagani qayd etildi.

Misol uchun, ishga yoki o‘qishga kirish, haydovchilik guvohnomasini olishda kerak bo‘ladigan “086-shakl” tibbiy ma’lumotnomani olish uchun odamlar har safar poliklinikaga murojaat qilishga majbur.

Yerlarni xususiylashtirish uchun murojaat onlayn beriladi. Ammo kommunal sohadagi ma’lumotlar raqamlashmagani bois, keyingi bosqichlar baribir “qo‘lda” qilinmoqda.

Yoki, yiliga 300 mingdan ziyod xaridor yangi mashina sotib oladi. Lekin, ro‘yxatdan o‘tish va davlat raqami olish uchun haligacha yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga borish zarur.

Prezidentimiz qolgan vazirliklarda ham raqamlashtirish bo‘yicha hali xalqimizni rozi qiladigan tizim to‘liq yaratilmaganini ta’kidladi.

O‘zA