O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh As-Sisining taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston rahbari Misrning yetakchi kompaniyalari rahbarlari va ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazganini alohida ta’kidlash o‘rinli.

Eslatib o‘tamiz, tashrifi arafasida – 19 fevral kuni Qohira shahrida O‘zbekiston – Misr biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 200 ga yaqin vakillari ishtirok etdi.

Ushbu tarixiy tashrifning ahamiyati, undan kutilayotgan natijalar haqida biznes-forum ishtirokchilari fikri bilan qiziqdik.

Obid Hakimov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori:

– Davlatimiz rahbarining ushbu tashrifi mutaxassislar, ekspertlar tomonidan O‘zbekiston – Misr munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishi aytilmoqda. Misr Arab Respublikasi Afrika qit’asidagi ikkinchi yirik, 440 milliard dollardan ortiq yalpi ichki mahsulotga ega bo‘lgan davlat sanaladi. Oxirgi besh yilda iqtisodiy yo‘nalishda bu mamlakat bilan savdo aloqalarimiz uch barobarga oshgan. Lekin bu ko‘rsatkich hozirgi imkoniyatlarimizga nisbatan ancha kam. Biznes-forumda ikki mamlakat yana qaysi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishi kerak degan savol o‘rtaga tashlandi. Masalan, qishloq xo‘jaligi, metallurgiya sohasida, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tatbiq qilish bo‘yicha mamlakatlarimiz o‘rtasida hali safarbar qilinmagan imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Misrlik ekspertlar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyot sezilarli darajada rivojlanganini, bu o‘sish Markaziy Osiyo ravnaqiga ham xizmat qilayotganini ta’kidlashdi.

 

Ulug‘bek Qosimxo‘jayev,

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori:

– O‘zbekiston – Misr biznes-forumi yakunlari bo‘yicha kimyo, energetika, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, charm-poyabzal va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, sanoat zonalarini, infratuzilmani rivojlantirish, qurilish va farmatsevtika, qayta tiklanuvchi elektr manbalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, turizm kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Misr qit’aning asosiy darvozasi sanaladi. Bu mamlakatda logistika ancha rivojlangan. Hozir bu yerda yirik logistika markazi qurilmoqda. O‘zbekistondan keltirilgan tovarlar markazda to‘planib, Afrika va Yevropaga olib chiqiladi.

 

Otabek Jiyanboyev,

O‘zbekiston tibbiyot asbob-uskunalari ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasi raisi:

– bugungi kunda dunyoda tibbiyot sohasi, xususan farmatsevtika rivojlanib bormoqda. Yurtimizda besh yil avval yigirma xil tibbiyot asbob-uskunalari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni yuzdan oshdi. Kelgusida bu yo‘nalishda ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikrlar bildirildi. Qisqa muddatda yangi qo‘shma korxonalar tashkil etilishiga ishonamiz. Shuningdek, bu zaminning mahsulotlari uchun yurtimizda, Markaziy Osiyoda bozor bo‘lishi muhim. Misr esa mamlakatimizga Afrikadagi ellikdan ortiq davlatlar bozori uchun muhim yo‘l sanaladi. Prezidentimizning tashrifi barcha sohalarda keng qamrovli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taradi.

O‘zA