Rabboniy: “ oldindan shart qo‘ymaslik va kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik” sharti amalga oshishi kerak

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Salouddin Rabboniy konferensiya yakunlari bo‘yicha fikrlarini jurnalistlar bilan o‘rtoqlashdi. Biz eng avvalo, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan va o‘zbek xalqidan minnatdormiz.
Biz tufayli Markaziy Osiyo mintaqasida notinchlik yuz berayotgani, qo‘shni davlatlar tinchligiga rahna solayotganimizdan o‘zimiz ham noqulay vaziyatdamiz. Terrorizm, zo‘ravonlik, qurol-yarog‘ savdosi bizning eng og‘riqli nuqtamiz hisoblanadi.
Shu bois bugungi kunda Afg‘onistondagi vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha ko‘p qirrali va murakkab masalalar mintaqa va xalqaro miqyosda keng muhokama qilinmoqda. Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy inqirozni hal etish yo‘llarini topish maqsadida tashkil etilgan Qobul jarayoni, Moskva formati, Xalqaro muloqot guruhi, Istambul jarayoni kabi ko‘p tomonlama muhokama jarayonlari alohida diqqatga sazavor.
Ana shunday sa’y-harakatlar samarasini ta’minlash va yurtimizda tinchlikka erishish niyatida fevralda biz Qobul jarayoni doirasida “Tolibon” harakatining “oldindan shart qo‘ymaslik va kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik” asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni boshladik. Ular zo‘ravonliklarga barham berishi va afg‘on konstitutsiyasini qabul qilishi kerak.
Bilamizki, Markaziy Osiyo davlatlari ham Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, AQSh ham Rossiya ham bizning do‘stlarimiz va ular afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash tarafdori. Biz ham ular bilan do‘stona hamkorlik qilish maqsadidamiz. Ishonamizki, tashqi kuchlar afg‘on hukumatining Afg‘onistonda xorijiy terroristik tashkilotlarning bazalarini yo‘q qilish borasidagi harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi, hech qanday farqlarga qaramasdan, terrorizmni moliyaviy va moddiy-texnik qo‘llab-quvvatlashning oldini olishi shart.
Bugun imzolangan deklaratsiyani 6-7 ta muhim joylari bor. Biroq, qirq yilki davom etib kelayotgan urush va nizolarni birdaniga, bir kunda barham topishi oson emasligini qayd etishim kerak. Shunday bo‘lsada, Toshkentda o‘tayotgan “ Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiya va bu yerda imzolangan deklaratsiya tez kunlarda o‘z samarasini berishiga juda ishonaman. So‘zimni yakunida qardosh O‘zbekiston hukumatiga va xalqiga o‘z minnatdorchiligimni yana bir bildiraman.

 

Sayyora SHOYEVA, O‘zA