BMT Xavfsizlik kengashiga kiruvchi AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya va boshqa qator mamlakatlar tomonidan Shimoliy Koreyaning kuni kecha amalga oshirgan raketa sinovi keskin qoralandi, Pxenyan diplomatiyaga qaytishi kerak, deyiladi mazkur mamlakatlar qabul qilgan bayonotda. Xabarda keltirilishicha, bayonotni AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild o‘qib eshittirgan.
Bayonotga Rossiya va Xitoy qo‘shilmagan.
“Albaniya, Ekvador, Fransiya, Yaponiya, Malta, Koreya Respublikasi, Shveysariya, BAA, Buyuk Britaniya va AQSH 18 fevralda hamda 19 fevralda ikkita qit’alararo ballistik raketa sinovini amalga oshirgani uchun KXDRni keskin qoraladi”, – deb bayonot bergan Tomas-Grinfild jurnalistlarga.
Bayonotda ta’kidlanishicha, bu shu yili amalga oshirilgan ballistik raketa sinovining to‘rtinchisi bo‘ladi. Umuman, shimolliklar 2022 yil boshidan buyon jami 9 marotaba qit’alararo ballistik raketa sinovini o‘tkazgan.