Qohiradagi “Al-Ittihodiya” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Misr hamkorligini yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qilib, o‘zaro munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldilar.

Siyosat, xavfsizlik, savdo va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi hamkorlikni tubdan kengaytirish hamda madaniy-gumanitar va ta’lim aloqalarini mustahkamlash masalalari muzokaralarning asosiy mavzulari bo‘ldi.

Prezidentlar Misrning “Nazar-2030” strategik rejasi va Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar bir-biriga hamohang ekanini qayd etdilar.

Davlatimiz rahbari Misr Prezidentini Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha  SOR-27 xalqaro sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Muzokaralar chog‘ida yetakchilar ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot faollashgani, BMT, IHT, SHHT va Qo‘shilmaslik harakati kabi xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro ko‘maklashilayotgani, parlamentlararo aloqalar jadallashgani mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Tomonlar korrupsiyaga, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda tajriba almashishdan, Afg‘onistonni barqarorlashtirish va qayta tiklash bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentlar davlatimiz rahbarining tashrifi arafasida o‘tgan O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlik tadbirlarining yakunlarini yuksak baholadilar.

O‘zaro investitsiyalar jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirib turuvchi xususiyatga ega ekanidan kelib chiqib, beshta aniq yo‘nalishda – gaz-kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmatsevtika tarmoqlarida hamkorlik qilish choralari belgilab olindi.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori rentabelli qo‘shma ishlab chiqarishlar tashkil etish maqsadida O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish taklif qilindi.

Energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston va Misrni bog‘lab turgan transport yo‘laklarini rivojlantirish choralari ham muhokama qilindi.

Madaniy-gumanitar va diniy aloqalarni rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Arab tili mutaxassislarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi. O‘zbekiston Prezidenti 2024 yilda Arabshunoslik global forumini birgalikda taklif etish tashabbusini ilgari surdi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv ochiq, samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi. Yakunda Shavkat Mirziyoyev Abdulfattoh as-Sisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishni taklif etdi.