Bojxona chegarasi orqali harakatlanuvchi jismoniy shaxslar va tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Bojxona qo‘mitasi huzurida “Bojxona-servis” davlat muassasasi ish boshladi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 apreldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni,  Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi bojxona qo‘mitasi huzuridagi “Bojxona-servis” davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasi ish boshlagan “Bojxona servis” davlat muassasasi bojxona organlarining umumiy cheklangan shtatlaridan tashqari, namunaviy shtatlar doirasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat tashkiloti hisoblanadi.

Muassasaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan bugun o‘ziga yuklatilgan vazifalar doirasida ilgari bojxona organlari tomonidan qonunchilik talabalari asosida olib qo‘yilgan va sud organlari hukmiga ko‘ra davlat daromadiga o‘tkazilishi belgilangan tovar moddiy boyliklarni savdo yarmarkalari orqali sotish amaliyoti joriy etildi. Bunda, “Nukus shahar savdo kompleksi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bozorida joylashgan savdo rastalaridan joy hozirlanib, davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulklarning xalqqa sotilishi yo‘lga qo‘yildi.

Baholash tashkilotlari tomonidan qonunchilik asosida ekspertizadan o‘tkazilib, belgilab berilgan baholarda sotilayotgan ushbu tovarlar, albatta, bozor narxidan ancha arzonligi bilan ajralib turadi. Ma’lumot o‘rnida, ushbu muassasaga bojxona xizmati organlari tomonidan noqonuniy ravishda davlat chegaralari orqali olib o‘tilishining va ichki hududda qonunga zid ravishda aylanmada bo‘lishining oldi olingan qiymati 2 milliard so‘mga yaqin tovar moddiy boyliklar topshirilgan.

Yaqin kelajakda “Bojxona-servis” davlat muassasasi tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun bojxona chegaralari va ichki hududlarda xizmat ko‘rsatishning yangicha qulay usullari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri