Kundalik hayotda har kuni svetoforlarga duch kelamiz. Lekin u qachon, qayerda va qanday paydo bo‘lgani, “svetofor” so‘zining ma’nosi nimaligini o‘ylab ko‘rganmisiz?
Mavzu yuzasidan manbalarga murojaat qildik. Internetdagi manbalarga ko‘ra, “svetofor” – ruscha “svet” – yorug‘lik va grekcha “φορέας” – eltuvchi so‘zlaridan olingan bo‘lib, yorug‘lik signali beradigan elektr qurilma ma’nosini bildiradi.
Svetoforlar piyodalar va transport vositalarining ko‘chada, yo‘lda va temir yo‘ldan o‘tish joylaridagi harakatini hamda temir yo‘l tarkibi qatnovini tartibga solib turish uchun ishlatiladi.
Semafor tarzida svetofor birinchi marta 1868 yil Londonda o‘rnatilgan. Qo‘lda boshqariladigan birinchi elektr svetofor XX asr boshida paydo bo‘lgan (unda faqat yashil va qizil chiroqlar bo‘lgan).
Dastlabki uch rangli (yashil, sariq va qizil) svetofor 1918 yil Nyu-Yorkda, 1930 yil Moskvada ishlatilgan.
Svetofordan temir yo‘lda foydalanish XX asr boshlarida rasm bo‘lgan. Ularni o‘rnatish va ulardan foydalanish qoidalari Venada 1968 yil qabul qilingan “Yo‘l belgilari va signallari haqida konvensiya” va bu konvensiyani to‘ldiruvchi Yevropa kelishuvi (1971, Jeneva) talablariga ko‘ra belgilab qo‘yilgan.
Svetoforning 1, 2 va 3 seksiyali hamda qo‘shimcha seksiyali xillari bor. Bir seksiyali svetoforda faqat bir xil – sariq yoki qizil chiroq yonadi. Sarig‘i o‘chib-yonib, haydovchilarni ogohlantirib turadi. Agar transport vositasini to‘xtatish lozim bo‘lsa (masalan temir yo‘ldan o‘tish joylarida, o‘t o‘chirish avtomobillari chiqadigan joylarda va h.k.), qizil chiroq yonadi.
Ikki seksiyali svetoforda ikki xil – yashil va qizil chiroq yonadi. Asosan shaharlarda temir yo‘ldan o‘tish joylariga o‘rnatiladi. Uch seksiyali svetoforda uch xil – yashil, sariq va qizil chiroq yonadi. Tik va yotiq joylashgan xillari ham bor. Bular asosan, yo‘l (ko‘cha) chorrahalariga o‘rnatiladi.
Svetoforlar chorraha chetiga, o‘rtasiga osib qo‘yilishi, maxsus ustunga yoki bino devoriga o‘rnatilishi mumkin. Ular asosan avtomatik tarzda yonib o‘chadi.
O‘zbekistonda ilk svetofor qachon o‘rnatilgan va hozirda nechta svetofor bor? Bu haqda ham yaqin orada bilib olasiz. Bizni kuzatib boring!
O‘zA