bugungi kunda sud-huquq islohotlari natijasida jinoyat qonunchiligi normalari yanada liberallashtirilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda javobgarlik va jazodan ozod qilish asoslari soddalashtirildi, ayrim turdagi jinoyatlar bo‘yicha sanksiyalar yengillashtirildi va javobgarlikdan ozod etishga qaratilgan rag‘batlantiruvchi normalar joriy etildi.
Shuningdek, insonparvarlik akti sifatida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan yengilroq jazo tayinlash, shu jumladan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish amaliyoti yanada kengaytirildi. Bu esa, o‘z navbatida, insonparvarlik tamoyilini amalda ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Quyidagi diagrammada so‘nggi yillarda jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish kabi choralarning qo‘llanilish salmog‘i oshib borayotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar, bir qarashda, kishida jazo qo‘llash siyosati yengillashtirilyapti va bu holat inson huquqlarining ta’minlanishiga olib keladi, degan tushunchani yuzaga keltirishi mumkin. Bu qisman to‘g‘ri. Biroq, masalaga boshqa rakursdan qaraydigan bo‘lsak, jazoning yengillashtirilishi jazodan ko‘zlangan maqsadga qay darajada erishilmoqda, degan haqli savolni yuzaga keltiradi. Zero, jinoyat sodir etgan shaxs qilmishidan xulosa chiqarib, uning oqibatlarini tushunib, anglab yetmoqdami?
Xususan, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan va jazo yengilrog‘i bilan almashtirilgan shaxslar tuzalish yo‘liga o‘tmasdan va sodir qilgan jinoyatidan tegishli xulosa chiqarmasdan qayta jinoyat sodir etmoqda.
Masalan, muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 2021 yilда 9 ming 724 тани tashkil qilgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich 2022 yilда 11 ming 635тага yetgan, ya’ni 19,6 foizga oshgan. Shu kabi muqaddam jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 2021 yilда 168 тани tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilда 9,5 фоизга oshib, 184 тани tashkil etgan.
Demak, sudlar tomonidan shaxslarga qo‘llanilayotgan jazolar shaxslarning axloqan tuzalishi uchun yetarli bo‘lmayapti. Buning ustiga, shaxslarning muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi holatlari yangi jinoyatlarni sodir etish uchun yo‘l ochyapti. Fikrimizni yanada aniqroq ifodalaydigan bo‘lsak, jazo siyosatidagi yengilliklar quyidagicha salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda:
Birinchidan, shaxslarning yetarlicha qayta tarbiyalanmasdan turib, juda erta ozodlikka chiqarilayotganligi bunday shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday holatda, albatta, adolatga erishib bo‘lmaydi. Chunki sodir etilgan jinoyat uchun adolatli jazo tayinlash odil sudlovning muhim kafolati hisoblanadi.
Ikkinchidan, sudlar tomonidan tayinlangan jazo to‘liq o‘talmasdan turib shaxslar ozodlikka chiqishi jamiyatda shaxslar ongida “jinoyat sodir qilgandan keyin bir necha yilda chiqib kelish mumkin” degan tushunchani, ya’ni qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligiga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqarmoqda. Bu holat ilgari jinoyat sodir etmagan shaxslarning jinoyat sodir etishi uchun muayyan ma’noda “motivatsiya” bo‘lmoqda.
Shuni qayd etish kerakki, javobgarlikning muqarrarligi va jazolarning yetarli darajada ta’sirchanligi shaxsni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Uchinchidan, jinoyat sodir etgan shaxslarning jazoning bir qismini o‘taganidan keyin ozodlikka chiqarilishi ushbu jinoyatdan jabr ko‘rgan fuqarolar tomonidan Davlatning jazo siyosatiga, shuningdek, mutasaddi organlar va sudga nisbatan e’tirozlar yuzaga kelishiga hamda qonunlarga va adolatga nisbatan odamlarning ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Endilikda haqli savol tug‘iladi: bu muammolarga barham berish uchun nima qilish lozim?
Rivojlangan xorijiy mamlakatlar bunday muammolarga o‘ziga xos yechimni ishlab chiqishgan. Xususan, aksariyat Yevropa davlatlarida jazodan shartli ravishda ozod qilishda mahkum tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlik darajasidan qat’i nazar, tayinlangan jazo muddatining ma’lum bir qismi o‘talganidan so‘ng shaxs shartli ozod qilinadi. Bunday muddat Germaniya va Daniyada uchdan ikki қисмни, Ispaniyada to‘rtdan uch қисмни tashkil etadi.
Taqqoslash uchun, Ispaniyada 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilgan shaxs jazoning 7,5 yilini o‘taganidan keyin ozodlikka chiqarilishi mumkin. O‘zbekistonda esa bu muddat 5 yilni tashkil etadi.
Shuningdek, Xitoy, Argentina va Vengriya davlatlarida retsidivistlarga, Xitoyda o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan mahkumlarga, AQSH va Litvada esa umrbod qamoq jazosi tayinlangan shaxslarga nisbatan shartli ozod qilish qo‘llanilmaydi.
Insonparvarlik aktlarini qo‘llash muddatlari bo‘yicha
SOLISHTIRMA MA’LUMOT
Jazo muddati | JKning 74-moddasi (jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish) | JKning 73-moddasi (jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish) |
Og‘ir jinoyat | ||
10 yil | Jazoning 1/3 qismini o‘tagandan keyin (3yil 4 oydan so‘ng) | Jazoning 1/2 qismini o‘tagandan keyin (5 yildan so‘ng) |
O‘ta og‘ir jinoyat | ||
20 yil | Jazoning 1/2 qismini o‘tagandan keyin (10 yildan so‘ng) | Jazoning 2/3 qismini o‘tagandan keyin (13 yil 4 oydan so‘ng) |
Shunga ko‘ra, tayinlangan jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish hamda jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish uchun talablarni oshirish maqsadga muvofiq. Bunda, jazodan maqsad jinoyat sodir etgan shaxsni jazolash orqali undan o‘ch olish emas, balki uni axloqan tuzatish, sodir etgan qilmishining oqibatlarini tushuntirish, anglatish va qayta tarbiyalashga qaratilganligini inobatga olish lozim.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugungi kunda jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish hamda jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tizimi va shartlarini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelmadimikin?
Muhammad VALIEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA