So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar narkosavdogarlarga o‘z tovarlarini sotishlari uchun eng qulay platforma bo‘lib xizmat qilayotganligi ayni haqiqat.

Jumladan “Telegram” messenjerida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi kanal 2020 yil Rossiya Federatsiyasi hududida ochilgan bo‘lib, bugunga kelib O‘zbekistonda uning vakillari faoliyat yuritmoqda.

Xususan, DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan shahar IIBB bilan hamkorlikda 2022 yilning oktyabr oyida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Yunusobod tumanida yashovchi, 1998 y.t. shaxsni avtomashinaga majburlab o‘tqazib, ovloq joyga olib borib do‘pposlagan, 2001-2005 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 3 nafar shaxs ushlangan.

Aniqlanishicha, bezorilik sodir etgan ushbu shaxslar va ulardan jabr ko‘rgan fuqaro ham aslida mazkur kanal a’zolari bo‘lishgan.

Gap shundaki, jabrlangan fuqaro kanal administratori topshirig‘iga ko‘ra, muqaddam belgilangan joyga yashirib ketilgan ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositasini olib, uni kichik qismlarga bo‘lgan holda, xaridorlarga yetkazib berish o‘rniga, narkotikni o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib olgan hamda uni boshqa internet kanal orqali sotib, daromad topishni rejalashtirgan.

Biroq, xiyonat qilgan odami narkotik moddani boshqa joyda sotmoqchi ekanligidan xabar topgan kanal administratori uni jazolash uchun yuqorida tilga olingan fuqarolarni yuborgan.

Hozirga qadar bu kabi egasini aldab, narkotik moddalarni o‘zlashtirib olgan ko‘plab “zakladchik”lar jazolash bilan shug‘ullanuvchi, 1995-2005 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 17 nafar shaxslar tomonidan ayovsiz kaltaklangan va bu jarayonlar videotasvirga olinib, topshiriq bajarilganligi hisoboti tariqasida maxsus kanalga joylashtirilgan. O‘z navbatida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi kanal administratori har bir topshiriq uchun ularga 300-500 AQSH dollari miqdorida pul bergan.

2022 yilning oktyabr, noyabr hamda joriy yilning yanvar va fevral oylarida ushbu 20 nafar  shaxs qo‘lga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida ushbu shaxslar tergov jarayonlariga jalb etilgan.

Hurmatli ota-onalar ogoh bo‘ling. Farzandlaringiz taqdiriga, kelajagiga befarq bo‘lmang, ularning ijtimoiy tarmoqlar orqali salbiy illatlar domiga tushib qolishlariga aslo yo‘l qo‘ymang.

 

O‘zA