Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari sohasida ta’lim va tadqiqotlar” tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir mamlakatimizda 20-28 fevral kunlari davom etadigan “Inson huquqlari haftaligi” doirasida tashkil etildi.

2022 yil 10 oktyabr kuni e’lon qilingan va bir oy davom etgan mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi, BMT Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi hamda Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga bag‘ishlandi.

Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda BMT Giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirni o‘tkazishdan maqsad inson huquqi sohasidagi ta’limni, tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimiz aholisi o‘rtasida inson huquqiga oid madaniyatni keng targ‘ib etishdan iborat.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz matbuot xizmati O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, 5 nominatsiya bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovga jami 72 hujjat kelib tushgan. Yakunda, “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi o‘quv kursi”, “Ison huquqlari – bolalar nigohida”, “Inson huquqi va erkinligiga bag‘ishlangan eng yaxshi videorolik”, “Inson huquqi va erkinligiga bag‘ishlangan eng yaxshi o‘quv adabiyoti”, “Inson huquqi bo‘yicha eng yaxshi maqola” nominatsiyalari g‘oliblari diplom, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA muxbiri