Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Misr Arab Respublikasiga jo‘nab ketdi. Mazkur oliy darajadagi tashrifga nafaqat ikki davlat, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlar ekspertlari e’tibor qaratib, o‘z munosabatini bildirmoqda. Misr Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Hamdi Al-Anayin ham bo‘lajak O‘zbekiston-Misr sammitidan kutilayotgan natija xususida fikr yuritadi.
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifiga jiddiy taraddud ko‘rdik. Bugun-erta davlatlarimiz o‘rtasida turli jabhalardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi shartnoma va kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.
Men to‘qimachilik sohasida faoliyat olib boraman. O‘zbekistonga oxirgi safarim chog‘ida to‘qimachilik, kiyim-kechak ishlab chiqarish uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandim. Farg‘ona viloyatida sheriklarimiz bilan bir qator kelishuvlarga erishdik. “Misr – Afrikaning kaliti”, degan ibora bor. Shu ma’noda, O‘zbekiston sanoati nafaqat Misr, balki butun Afrika davlatlari bilan hamkorlik o‘rnatish va munosabatni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Muxtasar aytganda, o‘zaro aloqalar nafaqat sanoat, tijorat, biznes sohasida, balki madaniyat, ilm-fan va san’at yo‘nalishida ham izchil ravnaq topishidan umidvormiz.
O‘zA