Isroil aviakompaniyalari Turkiyaga 16 yillik tanaffusdan keyin ilk qatnovini yo‘lga qo‘ymoqda. Payshanba kuni Israir kompaniyasi Tel-Avivdan Istanbulga ilk yo‘lovchi samolyotini jo‘natdi, deb yozmoqda Yedioth Ahronoth gazetasi.
Xabarda keltirilishicha, havo kemasi Turkiya megapolisiga 165 yo‘lovchini hamda zilzila oqibatlarini bartaraf qilish uchun gumanitar yordam va dori-darmon yuklarini olib kelgan.
Isroil aviakompaniyalarning Turkiyaga qatnovlari 2007 yilda ikki davlat o‘rtasida kelishmovchiliklar sababli to‘xtatilgan edi. Shundan buyon ikki o‘zaro yo‘lovchi avia qatnovlarni xorijiy kompaniyalar amalga oshirib keldi, deb yozmoqda Yedioth Ahronoth.
Isroil yo‘lovchi aviareysi 16 yil ichida ilk bor amalga oshirilayotgani munosabati bilan Ben-Gurion aeroportida Isroil transport va yo‘llar xavfsizligi vaziri Miri Regev hamda Turkiyaning Isroildagi elchisi Shokir O‘zkan Torunlar ishtirokida tantanali marosim bo‘lib o‘tgan.
Isroillik vazir ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar kelgusida ham mustahkamlanib borishidan umid bildirdi, deyiladi Yedioth Ahronoth bergan xabarda.
Gazetaning keltirib o‘tishicha, yaqin haftalar ichida Israir aviakompaniyasi safida mamlakatning eng yirik El Al va Arkia aviakompaniyalari ham Turkiya shaharlariga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi.