NATO mamlakatlari va Rossiya o‘rtasidagi qarama-qarshilik davomli bo‘lishi mumkin, alyans voqealar rivojining shunday davom etishiga tayyor turishi kerak. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg payshanba kuni Agence France-Presse agentligiga bergan intervyusida aytdi, deb yozmoqda TASS agentligi.
“Biz uzoq istiqbolga tayyorlanishimiz kerak, bu ko‘p yillarga cho‘zilishi mumkin”, – degan u.
Stoltenberg alyansning 30 a’zo mamlakati hali ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlash niyatida ekanini, qurol va o‘q-dorilar yetkazib berishga tayyorligini ta’kidlagan. Uning fikricha, RF olib borayotgan maxsus harbiy amaliyotning muvaffaqiyati ukrainaliklar uchun fojiaga aylanadi. Qolaversa, u xalqaro bahslarni kuch ishlatish yo‘li bilan hal etish mumkinligini namoyish qilib, boshqa mamlakatlar uchun ham xavf tug‘diradi.