Barchaga ma’lum, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk narxi bir necha barobarga qimmatlashdi. Yaqin istiqbolda ham bir qancha omillar ta’sirida narxlar yanada oshishi mumkin.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ma’lum qilishicha, 2022 yil boshidan buyon Toshkent shahrida ijaraning o‘rtacha narxi 34,6 foizga oshdi. Poytaxtda dekabr oyida ikkilamchi uy-joy ko‘chmas mulk bozorida narxlarning o‘sishi 1,1 foizni tashkil etdi. Joriy yil boshidan ko‘chmas mulk bozoridagi faollik 3,8 foizga oshgan. Ikkilamchi uy-joy bozorida o‘rtacha narxlar yil davomida 16,5 foizga poytaxtda esa 24 foizga o‘sgan.
Aholi turmushi uchun zarur bo‘lgan uy-joylar bahosini qanday barqarorlashtirish va pasaytirish mumkin?
Bu savolga Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Shoxjahon Elmurodov kuyidagicha javob berdi.
–O‘tgan yilgi Rossiya-Ukraina munosabatlaridan keyin migrantlarning O‘zbekistonga kelishi ijara, uy-joylar narxi sezilarli darajada oshib ketishiga sabab bo‘ldi.
Uy-joy narxini barqarorlashtirish uchun birinchi navbatda so‘rovnoma o‘tkazilishi kerak, deb o‘ylayman. O‘zbekistonda ijara va uy-joy narxi bo‘yicha eng katta muammoli hududlardan bittasi bu Toshkent shahri hisoblanadi. Keyingi jihat viloyatlarda yashayotgan aholi Toshkentga intiladi. Sababi poytaxtda infratuzilma yaxshi. Shu boisdan Toshkentga ko‘pchilik intiladi.
Agar boshqa hududlarning ham infratuzilmalari yaxshi bo‘lsa, yaxshi ish o‘rinlari bo‘lsa, odamlar o‘zining hududida yashaydi. Shunda Toshkentda ijara, uy-joy narxlari barqarorlashib boraveradi. Hozir ko‘pchilik Toshkentdan uy-joy olishga harakat qilayotgani narx-navoning o‘sishiga va yana o‘sib borishiga ta’sir ko‘rsatadi.
Ikkinchi jihat. Uy-joy narxlari, ijara to‘lovlari dollarda amalga oshiriladi. Ammo, daromadni milliy valyutamiz so‘mda olamiz. Misol uchun, 5 million so‘m ish haqi olasiz, 200 AQSH dollari ijara to‘lyapsiz. AQSH dollarining o‘zgarishi o‘z-o‘zidan daromadingizga ta’sir ko‘rsatmayapti. Ammo, sizning xarajatingizga ta’sir ko‘rsatyapti. Ijara shartnomalarida biror bir majburiy cheklov yoki davlat tomonidan cheklov qo‘yilmasligi kerak. Ya’ni, ijara to‘lovini ijara shartnomasida shaffof ko‘rsatish uchun imkoniyat yaratib berilishi kerak.
Qaysi vaziyatda ijarachi o‘zining ijara to‘lovini shaffof ko‘rsatishga harakat qiladi? Qachonki qanaqadir yengillik, imtiyoz bo‘lsa. Misol uchun, agarda shartnoma tuzilib, o‘sha shartnomada ko‘rsatilgan summani ijara uchun to‘lasa, jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘idan imtiyoz beriladi, buni ko‘rsatishga rozi bo‘ladi.
O‘z-o‘zidan bundan manfaatdor bo‘ladi. Shartnomada ko‘rsatilgan summa to‘lab borilsa, dollarning o‘zgarishi unga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Ijarada turuvchilarning huquqini himoyalash borasida shunaqa mexanizm ishlab chiqarilishi kerak. Istagan vaqtda kelib ijarada turgan fuqaroni chiqarib yubormaslik zarur.
Toshkent shahrida ilgari ikki xonali uyning ijara narxi 200 AQSH dollari bo‘lgan bo‘lsa, migrantlar oqimi ko‘paygach ular 600-700 AQSH dollari to‘lashini aytgan. Natijada ijarachi 200 dollar to‘lagan mahalliy aholini chiqarib yuboryapti. Mahalliy aholining 600-700 AQSH dollari to‘lashga imkoniyati yetmaydi. Ularning huquqlarini himoya qiladigan shartnoma yo‘q. Chunki ular og‘zaki shartnoma tuzgan. Shu bois, hech bir idoraga borib shikoyat qilolmaydi. Shu borada tartibga soluvchi mexanizm yaratilishi kerak.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA