Oliy ta’lim mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda yurtimizda ko‘plab nufuzli xorijiy oliy o‘quv maskanlari filiallari ochildi. Shu bilan birga chet ellardan yetakchi professor-o‘qituvchilar mahalliy oliy ta’lim dargohlariga taklif qilinmoqda. Ular talabalarimiz bilan o‘quv-amaliyot o‘tkazishmoqda.

Yaqinda Markaziy Osiyo bo‘yicha yirik mutaxassis, AQSHdagi Nyu-Meksika universiteti professori, Jorj Marshall nomidagi Yevropa xavfsizlik muammolarini o‘rganish instituti o‘qituvchisi Gregori Glison Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida turkum mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Fursatdan foydalanib mehmonni universitet professori Sayfiddin Jo‘rayev bilan birga suhbatga tortdik.

– Siz bir necha yildan buyon Sharqshunoslik universitetida mashg‘ulot o‘tib kelasiz. Mamlakatimiz ta’lim tizimidan xabardorsiz, sohadagi o‘zgarishlarni bevosita kuzatish imkoniga egasiz. Shu haqdagi mulohazalaringizni eshitishni istardik.

– Avvalo, meni dars o‘tishga taklif qilgani uchun universitet rektori Gulchehra Rixsiyevaga minnatdorlik izhor qilaman. Albatta, xorijiy mamlakatdan mutaxassis taklif etilishi respublikadagi ijobiy o‘zgarishlar, izchil islohotlar tashabbuskori bo‘lgan davlat rahbari tomonidan yaratilgan konsepsiya natijasi, deb o‘ylayman.

Men sobiq ittifoq davrida O‘zbekistonda paxtachilik bo‘yicha ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanganman. O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab mamlakatingizdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonni o‘rganib kelaman. Bu borada qator maqolalar e’lon qilganman, kitoblar chop ettirganman. Ko‘p marta xalqaro konferensiyalarda ishtirok etganman. Demoqchimanki, o‘zgarishlar, islohotlarni ichidan kuzatib boraman. Shu bois vaziyatga xolisona baho berishimga shubhalanmasangiz ham bo‘ladi.

bugungi o‘zbekistonliklar tafakkuri, madaniyati, hatti-harakati bilan oldingi davr odamlaridan keskin farq qiladi. Odamlarda, ayniqsa, yoshlarda yangicha dunyoqarash, dunyo ilmini egallash, ilg‘or tajribani o‘zlashtirishga intilish sezilarli darajada kuchayganini ta’kidlamoqchi edim.

– Endi bevosita oliy ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar haqida gapirib bersangiz. Har holda 30 yillik tajribangiz bor…

– 2017 yildan boshlab oliy ta’lim sohasida avval kuzatilmagan jiddiy transformatsiyaga guvohman. Janob Shavkat Mirziyoyev bu yo‘nalishda mamlakatingiz uchun eng asosiy rivojlanish nuqtasini tanlagan. Mamlakatda AQSH, Rossiya, shuningdek Yevropa va Osiyoning ko‘plab rivojlangan davlatlari zamonaviy oliy o‘quv yurtlari filiallari ochilishi, hamkorlar bilan birga yangi, zamonaviy sohalar uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilayotgani olqishga loyiq.

E’tibor qilinsa, O‘zbekiston bugun agrar mamlakatdan texnologik  jamiyatga aylanib borayotganini ko‘rish mumkin. Meni quvontirgan jihati shundaki, zamonaviy zavod-fabrikalarda kompyuter va yangi texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilgan mahsulotlar xorijiy davlatlarda sotilyapti. Boshqacha aytganda, raqobat paydo bo‘lgan. Demak, oliy ta’limdagi islohotlar malakali mutaxassislar tayyorlab berish darajasiga chiqib olgan. Bu juda jiddiy transformatsiya.

– Yoshlarimiz ham chet ellarda o‘qib kelmoqda…

– To‘g‘ri ta’kidladingiz. Yaqin-yaqingacha o‘zbekistonlik yoshlar ommaviy ravishda xorijiy mamlakatda o‘qishini tasavvur qilib bo‘lmasdi. Qolaversa, bunday imkoniyat hammadayam topilmasdi. Bugun esa ushbu maqsad davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Yoshlarga sharoit yaratish uchun davlat sun’iy to‘siqlarni olib tashlamoqda. Natijada jamiyat kuchli motivatsiyaga ega bo‘lmoqda. Bu tizim kelajakda yanada ulkan yutuqlar olib keladi.

Yana bir holatga to‘xtalishni istardim. Hozir o‘zbek mutaxassislari xorijiy mamlakatlarda mehnat qilishyapti, universitetlarda dars o‘tishyapti, xamkorlikda ilmiy tadqiqot olib borishyapti.

Chet ellik mutaxassislar mahalliy dorilfununlarda emin-erkin ishlashyapti. Masalan, men darsni ingliz tilida o‘taman, talabalar bilan bemalol muloqotga kirishaman. Xero, o‘zbek yigit-qizlarida xorijiy tillarni o‘rganishga ishtiyoq kuchli. Muhimi, buning uchun barcha imkoniyat, sharoit bor. Aynan shu jihat tarqqqiyotning muhim shartidir.

– Janob Glison, kelgusi rejalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Qaysi fan bo‘lmasin, o‘qitish uchun metodologiya kerak. Busiz fan taraqqiy etmaydi. Shuning uchun aksariyat vaqtimni metodologiya bilan shug‘ullanishga sarflayman. Metodologiyani puxta egallasangiz, voqea-hodisaga xolis baho bera olasiz. Bir necha yildan buyon Sharqshunoslik universiteti magistrlari va bakalavrlari uchun tizimli tahlil, xalqaro siyosat va xalqaro munosabatni ilmiy tadqiq etish, xalqaro siyosatda axborot texnologiyasi bo‘yicha mashg‘ulot o‘taman. Bu borada professor Sayfiddin Jo‘rayev bilan birga dunyo miqyosida talablarga javob beradigan “Tizimli tahlil” darsligini yaratdik. Hozir hamkorlikdagi keyingi ishimiz – “Raqamli diplomatiya” darsligi ustida ishlayapmiz.

– Sayfiddin Ahmatovich, navbatdagi savolimni Sizga bermoqchiman. Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimidagi ijobiy transformatsiya jarayoni, so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar haqida nima deysiz?

– Javobni statistik raqamlardan boshlasam. Keyingi yillarda oliy ta’lim qamrovi oshib boryapti. 2015 yil to‘qqiz foizni tashkil qilgan bu ko‘rsatkich hozir 35-40 foiz atrofida. Yurtimizdagi mavjud 209 oliy ta’lim muassasasida ayni payt bir milliondan ziyod talaba tahsil olyapti. Ilgari talabalarimizning umumiy soni 250 mingni tashkil etgan.

O‘zbekistonda oliy ta’lim islohoti aniq dastur asosida amalga oshirilyapti. Tizimni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingan. Ko‘plab xorijiy OTM filiallari, xususiy va yangi davlat oliy ta’lim muassasalari ochilyapti. 2017 yil respublikada 77 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatgan, nodavlat OTM, deyarli, bo‘lmagan.

Bugun 209 oliy ta’lim dargohidan 114 tasi davlatga qarashli, 65 tasi nodavlat va qolgan 30 tasi xorijiy OTM filiali. Raqobat bor joydagina rivojlanish bo‘ladi. Bu orada tizimga xususiy sektor ham jadal kirib kelmoqda.

Universitet va institutlarga boshqaruv huquqi, akademik va moliyaviy mustaqillik berilmoqda. Mustaqil maqomga ega OTMlar soni bu yil 41 taga yetdi. Yana bir yangilik: barcha OTMda kuzatuv kengashlari tuzildi, ehtiyojdan kelib chiqib, tuzilmaga o‘zgarish kiritish vakolati ham berildi.

Bundan tashqari moliyaviy masalada erkinlik berildi. Kvota ham xuddi shunday, mustaqil tarzda hal qilinadi.

Eng muhimi, islohotlar samara bera boshladi: 2022 yil sakkizta oliy ta’lim muassasasi mamlakatimiz tarixida ilk bor Osiyoning mingtalik reytingiga kirib, ijobiy ko‘rsatkich qayd etdi. O‘zbekistonning 28 ta OTM reytinglarga kirdi.

– Janob Glison, jamiyatning turli sohalari, xususan, davlat boshqaruvi tizimida, qolaversa, so‘z va axborot erkinligi borasidagi transformatsiya jarayoni haqida fikr bildirsangiz.

– Albatta, ochiqlik, ayniqsa, so‘z erkinligi bugungi kunda global aloqalar, iqtisodiyot va savdo-sotiq sharoitida mamlakat ichida va tashqarisida har bir davlat uchun strategik ahamiyatga ega. Bu borada biz O‘zbekistonda yangi o‘zgarishlarni, jiddiy ma’suliyatni ko‘ryapmiz.

Yaqingacha mamlakat to‘g‘risida ma’lumot olish qiyin edi. Menimcha, bu holat mamlakat fuqarolariga ham tegishli edi. Ma’lumotlar qandaydir shartlar asosida sir saqlanardi. Hukumat qarorlari, rahbarlar faoliyati bilan tanishish, ularga savol bilan murojaat etishning iloji, deyarli, yo‘q edi.

2017 yildan  boshlab ochiqlik, oshkoralik borasida ulkan o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari ochiq-oydin ishlash, zarur ma’lumotlarni keng tarqatish imkoniga ega bo‘ldi.

Mamlakatda blogerlar sinfi paydo bo‘lganini alohida ta’kidlashni istardim. Davlat idoralari faoliyatidagi mavjud muammolarni ko‘tarib chiqish, rasmiy mutasaddilardan munosabat, intervyu olish orqali keng ommaga axborot yetkazishning yangi mexanizmi ishlay boshladi. Bu jamoatchilik nazoratini ta’minlash tomon tashlangan dadil qadamdir.

Bundan tashqari vazirlik, idoralar matbuot xizmatlari faoliyati jonlandi, ijtimoiy tarmoq sahifalarida shaffoflik ta’minlana boshladi.

Avvallari xorij bilan ilmiy-pedogogik ma’lumot almashish faqat diplomatik kanallar yordamida amalga oshirilar edi. Rasmiy shaxslar tashrif qog‘ozida telefon raqami bilan birga elektron pochta manzili yozilishi yo‘lga qo‘yildi. Juz’iy, ammo e’tiborli voqea bu!

Xullas, davlat rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar, mintaqaviy va xalqaro masalalardagi izchil qadamlar natijasida O‘zbekiston jahon maydonida munosib o‘rnini topdi. Mamlakatingiz rivojlangan davlatlar, xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT, Yevropa Ittifoqi tizimlari bilan bilan munosabatni ochiqlik asosida olib bormoqda. Bularning bari O‘zbekistonning dunyo miqyosida  ob’ektiv imijini oshirishga hissa qo‘shmoqda.

– Sayfiddin aka, suhbatimizni mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati mavzusida davom ettirsak. Ayni jarayon xalqaro talablarga mos keladimi?

– Ochiqlik siyosatini ta’minlash davlat darajasiga olib chiqilgan, buning uchun tashkiliy-huquqiy asos yaratilib, doimiy ravishda takomillashtirilmoqda. So‘nggi yillarda bu borada sezilarli islohotlar amalga oshirildi. Davlat organlarining shaffofligi ta’minlanib, keng jamoatchilik nazoratini o‘rnatish imkoni yaratilgani e’tirofga loyiq.

Axborotdan umumiy foydalanish uchun ochiqlik holatini ta’minlash, ma’lumotning oshkoralik va sifat darajasini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi va “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlar barcha toifadagi mansabdorlar hatti-harakatiga keng jamoatchilik hamda xalq ko‘zi bilan baho berish imkonini yaratdi. Bundan tashqari hukumat ochiqligi sohasida 2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlar sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilingan.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentning “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mavjud.

Olib borilgan ishlar samarasi o‘laroq, O‘zbekiston “Ochiq ma’lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog‘ona ko‘tarilib, 44-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘rinni egalladi.

So‘z va matbuot erkinligi sohasida keyingi yillarda barcha davlat organlari axborot xizmatlari faolligi oshdi, tashkilot va idoralar faoliyati bo‘yicha muntazam matbuot anjumanlari, brifinglar tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Masalan, 2022 yilning to‘qqiz oyi davomida mingga yaqin matbuot anjumani va brifing tashkil etildi. Faoliyatni baholash tizimi yo‘lga qo‘yilgani esa tashkilotlar axborot xizmatlari yanada faollashib, ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etishiga xizmat qilmoqda.

 

Suhbatni O‘zA sharhlovchisi

Abror G‘ulomov olib bordi.