Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati faollari va mutasaddilar bilan hududda sanoatni rivojlantirish istiqbollari va boshqa dolzarb masalalarni muhokama qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, viloyatda birgina bazalt zaxirasi 26 million tonna bo‘lib, respublikadagi jami zaxiraning 25 foizini tashkil etadi. Lekin, bular ilgari umuman ishlatilmagan. Hozir esa, mavjud tabiiy zaxiralardan foydalanib, bazaltdan talab yuqori bo‘lgan 7 turdagi zamonaviy mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Yiliga 115 ming tonna mahsulot (bazalt tolasi, kompozit quvur, fibro, geotekstil, chaqiq tosh), shundan 35 ming tonna issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqariladi.

Davlatimiz rahbari bazaltdan bunday turdagi mahsulotlar avval nafaqat o‘zimizda, balki Markaziy Osiyoda ham umuman ishlab chiqarilmaganini ta’kidladi. Hozir bu Forish tumanida 6 ta korxonadan iborat yaxlit klasterga aylandi. Klasterda 400 million dollar investitsiya hisobiga 1,5 mingta ish o‘rni yaratilgan.

Prezidentiimiz tomonidan 2023 yilda ishlab chiqarish 175 ming tonnaga, ishchilar sonini 2 ming nafarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Zomin, Zarbdor, Zafarobod, Forish va Yangiobodda bazalt, sement, keramzit, shisha va mineral xom ashyo zaxirasiga boy 200 ga yaqin konlar bor. Ulardan samarali foydalanish orqali sanoat ko‘rsatkichlarini karra-karra oshirib, bemalol yangi bozorlarga kirib borish mumkinligi qayd etildi.

Mas’ullar zimmasiga joriy yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha 460 million dollarlik 31ta loyihani ishga tushirish vazifasi yuklandi.

Bundan tashqari sendvich panel, gazoblok kabi yangi turdagi energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha 20 ta loyihani boshlash kerakligi aytildi. “Sanoat ipotekasi” dasturi bo‘yicha, tadbirkorlarga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga birinchi bosqichda 50 million dollar resurs ajratiladigan bo‘ldi.

Prezident qurilish materiallari bo‘yicha Jizzaxda “Tadbirkorlar maktabi”ni tashkil etish kerakligini bildirdi.

O‘zA