Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati faollari va mutasaddilar bilan hududda sanoatni rivojlantirish istiqbollari va boshqa dolzarb masalalarni muhokama qilmoqda.
Jizzaxdagi sanoat zonalari haqida so‘z yuritilar ekan, davlat rahbari mas’ullar oldiga sentyabr oyida 80 million dollar investitsiya hisobiga elektromobil zavodi ishga tushirilishi vazifasini qo‘ydi. Buning uchun hozirdan o‘zimizdagi korxonalar bilan kooperatsiya asosida butlovchi qismlarni yetkazib berish dasturini boshlash kerakligini ta’kidladi.
Forish tumanidagi “Uchquloch” konini tiklash bo‘yicha xorijiy investorlar bilan shartnoma imzolash, 1 maygacha burg‘ilash ishlarini boshlash kerakligi ta’kidlandi. Bunga 200 million dollar investitsiya jalb qilinadi va 600 ta ish o‘rni yaratiladi.
Ma’lum qilinishicha, Jizzaxda eng tez o‘sayotgan sanoat tarmog‘i bu – qurilish va zamonaviy energotejamkor materiallar ishlab chiqarishdir. Oxirgi besh yilda bu sohada 180 ta yangi korxona tashkil etilgan va 900 million dollarlik 210 ta loyiha ishga tushgan. Buning hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 10 barobar oshib, 2022 yilda 3 trillion so‘mga yetdi. Viloyatning umumiy sanoati – 12 trillion so‘mdir. Import bo‘layotgan 110 million dollarlik qurilish materiallari mahalliylashtirildi, eksport esa 7 barobar ko‘payib, 35 million dollarga yetdi. Hozirda viloyatning umumiy sanoat eksporti – 166 million dollarni tashkil etadi.
Birgina Zafaroboddagi “Xuak-sin sement” korxonasi quvvati bo‘yicha yurtimizda 3-o‘rinda turadi. Jizzax sanoat zonasidagi “Ming yuan indastri” korxonasi bezakli oyna bo‘yicha respublika ehtiyojining 90 foizini ta’minlaydi. Natijada, Jizzax sanoatida qurilish materiallari ulushi 2 barobar oshib, 25 foizga yetdi.
O‘zA