2023 yil 10 fevralda “Tadbirkorlik sub’ektlarini toifalarga ajratish mezonlari hamda soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, tadbirkorlar quyidagi mezonlar asosida toifalarga ajratildi:
– kichik tadbirkorlik sub’ektlari,
– yakka tartibdagi tadbirkorlar;
–mikrofirmalar – ta’sischilari jismoniy shaxslar bo‘lgan hamda jami daromadi yil davomida 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar;
–kichik korxonalar – jami daromadi yil davomida 1 milliarddan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar;
–o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari – jami daromadi yil davomida 10 milliarddan 100 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar;
–yirik tadbirkorlik sub’ektlari – jami daromadi yil davomida 100 milliard so‘m va undan yuqori bo‘lgan tadbirkorlar.
2023 yil 1 apreldan 1 yilda bir marotaba o‘rta tadbirkorlik sub’ektlariga mol-mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq BHMning 20 baravaridan oshmagan (6 mln so‘mgacha) qismi qoplab beriladi. Daromadi 10 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan tadbirkorlar uchun davlat xaridlarida 20 foizlik kvota joriy etiladi.
Davlat xaridlarida eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarida ishtirokchilar takliflarini baholashda QQS summasi inobatga olinmaydi. Yuqori qo‘shilgan qiymatli mis mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarning mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni tashqi bozorga sotish bilan bog‘liq xarajatlarini eksport qiymatining 6 foizigacha qoplash tartibi bekor qilinadi.
2023 yil 1 maydan quyidagilar majburiy hisoblanadi:
➖ avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari va avtomobillarga gaz quyish stansiyalarida elektron o‘lchash uskunalari va onlayn video kameralarini o‘rnatish hamda ularni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish;
➖ paxta, g‘alla yoki sholini qabul qilish va hisobini yuritish bo‘yicha axborot tizimlarining operatorlari o‘z tizimlarini soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilishi.
Shuningdek, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun (olingan haq, komissiya uchun “0” so‘m bo‘lgan taqdirda ham) elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etadi va rasmiylashtiradi.
O‘zA