O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan nashrga tayyorlangan “O‘zbekiston teleradiosi” nomli kitob-ensiklopediyaning taqdimot marosimi o‘tkazildi.
Taqdimot tadbirida mazkur uyushma raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Xolmurod Salimov kitob-ensiklopediya haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Aytish joizki, mazkur kitob-ensiklopediya O‘zbekiston teleradiokompaniyasining shonli va ayni damda mashaqqatli faoliyat yo‘li haqida hikoya qilishi bilan ahamiyatlidir.
1957 yilda tashkil etilgan mazkur media tuzilma milliy tele va radio jurnalistikamizda o‘ziga xos ulkan maktab va ijodiy an’analarni yaratishga muvaffaq bo‘lgani bilan diqqatga sazovordir. Kitob-ensiklopediya milliy teleradio jurnalistikamiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ijodiy va texnik mutaxassislar, media soha darg‘alari faoliyati, ijodi haqida hikoya qiladi.
Ma’lumki, teleradio sohasi nainki muxbir va muharrirlar, balki rejissyorlar, tasvirchilar, montajchilar, chiroq ustalari, muhandislar, ko‘plab texnik xodimlar faoliyati bilan chambarchas bog‘liqdir. Ular orasida “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” kabi yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan ustozlar bilan birga “Oltin qalam” milliy mukofoti, “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovida g‘olib bo‘lgan teleradio xodimlari, Vatanimizning yuksak orden va medallariga sazovor bo‘lgan hamkasblarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi.
“O‘zbekiston teleradiosi” nomli kitob-ensiklopediya umrini teleradio sohasiga baxshida etgan ana shunday fidoyi ustozlar, jurnalistika sohasi darg‘alari, bugungi kunda samarali mehnat qilayotgan xodimlarning faoliyati, ijod yo‘li haqida ma’lumot beradi.
Taqdimot tadbirida “O‘zbekiston teleradiosi” nomli kitob-ensiklopediya xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova,
O‘zA