1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi jang maydonlarida va front ortida ulkan jasorat va matonat ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shdi. Urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonliklarning yarim milliondan ziyodi halok bo‘ldi, 133 mingga yaqini bedarak yo‘qoldi, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytdi.

O‘zbekiston Milliy arxivida ikkinchi jahon urushida respublikamizga evakuatsiya qilingan 3 mingdan ziyod – 6 oylik chaqaloqdan tortib 11-12 yoshgacha bo‘lgan bolalar haqida ma’lumotlar qayd qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti bosh ilmiy xodimi Muhayyo Isoqova bilan suhbatimiz XX asrdagi insoniyat tarixida katta talafotlar va to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotishlarga sabab bo‘lgan ikkinchi jahon urushi va uning asoratlari xususida kechdi.

– 1941-1945 yillar xalqimiz uchun murakkab va og‘ir sinovli bo‘lgan. Shunga qaramay, front hududlaridan yurtimizga keltirilgan yaqinlaridan ajrab qolgan, boshpanasiz millionlab aholiga xalqimiz o‘z mehri va insonparvarlik yordamini ayamagan.

Mamlakatimiz front ortidagi mustahkam ta’minot bazasiga aylandi. Urush yillarida 1 mln. 500 ming inson, ulardan 250 mingdan ortiq bolalar evakuatsiya qilingan.

1941 yildan boshlab yuzaga kelgan oziq-ovqat tanqisligini tartibga solish maqsadida respublikada «non kartochka»lari joriy etildi.

Tarixiy hujjatlarda keltirilishicha, bolalarni o‘zlari kattalarni nazoratisiz O‘zbekistonga yetib kelganligi ham qayd qilingan.

1941 yil 26 sentyabrida Ko‘chirish bo‘limi qoshida Aholi ko‘chirilishi (evakuatsiyasi) uchun mas’ul apparat tashkil etilgan. Oktyabr oyi boshlarida esa bolalarni ko‘chirish bo‘yicha Markaziy boshqarma o‘z faoliyatini boshladi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda 2 oy davomida olib borilgan sermashaqqat faoliyat natijasida 443 mingdan ortiq aholi qabul qilingan.

Asrab olinganlardan tashqari evakuatsiya qilingan bolalar uchun shahar va viloyatlarda ko‘plab bolalar uylari tashkil etildi. Evakuatsiyaning dastlabki kunlarida Farg‘ona, Andijon viloyati, Toshkent shahri, Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi mehribonlik uylariga tarbiyalanuvchilar yuborilgan.

Evakuatsiya qilingan bolalar o‘zbek oilalari tomonidan ham tarbiyaga olindi. Masalan, o‘sha paytda respublika rahbari bo‘lgan Usmon Yusupov o‘z oilasiga uch nafar bolani qabul qilgan.

Ko‘chirib kelinayotgan bolalar poyezddan tushishi bilan stansiyalar yaqinida tashkil etilgan oshxonalarda ovqatlantirilgan. Yo‘lda kasallangan va ochlikdan sillasi qurigan bolalar shifoxonalarga joylashtirilgan. Shuningdek, ota-onasini yo‘qotgan bolalarni qarindoshlarini topish ishlari ham tashkil etilgan.

Urush veterani Margarita Merkulova o‘z xotiralarida quyidagilarni keltiradi: «Men, 1941 yilning avgustida «Vulkan» zavodining direktori bo‘lgan otam bilan Toshkentga kelganimda 9-sinf o‘quvchi edim. Sinfdoshlarim bilan poyezd vokzalida tashkil etilgan harbiy navbatchilikka chiqar edim. Poyezdlar kechasi soat 2:00-3:00 larda kelar edi. Biz 4 yoshdan 14 yoshgacha oyog‘ida bazo‘r turgan bolalarga yordam berar edik. Ko‘pchilik ota-onasini va hatto o‘z ismini ham bilmas edi. Dastlab, vokzalning o‘zida ularga bo‘tqa va yarim stakan issiq suv berilar edi. Ayrim sabablarga ko‘ra, bolalarga ortiqcha ovqat berishni vrachlar taqiqlagan edi. Keyin ust-boshi dezinfeksiya qilinib, sochlari olingandan so‘ng hammomga olib borilgan. Tong otgach, ular tegishli tartibda joylashtirilgan».

BOLALARNING TAQSIMLANISHI…

Birgina Buxoro viloyatini olsak, ko‘chirib keltirilgan bolalarning taqsimlanishi quyidagicha hal etildi. Donbasdan ko‘chirilgan «Krakov» nomli bolalar uyining 180 nafar tarbiyalanuvchilari Karmanaga, Sumskiy viloyatidan kelgan «Kuzmin» nomli bolalar uyining 100 nafar bolasi Vobkentga, Xarkov viloyatidan kelgan 155 nafar bolalar uyi tarbiyalanuvchilari G‘ijduvonga, 1-sonli «Slavyan» bolalar uyining 125 nafar tarbiyalanuvchisi Buxoroga, 2-sonli «Slavyan» bolalar uyining 100 nafar bolasi Kogonga, 177 polyak bolalari Buxoro shahridagi mehribonlik uyiga joylashtirildi.

1941 yil 29 iyuldagi hukumatning 904-qaroriga asosan respublikadagi barcha qishloq va shahar maktablarining 7-10 sinf o‘quvchilarini yoshi va imkoniyatidan kelib chiqib 6-8 soatlik qishloq xo‘jaligi, sanoat va boshqa ijtimoiy muassasalar ishlariga majburiy jalb etish belgilanadi. Shu tariqa, 14 yoshdan boshlab bolalar turli sohalarda kattalar bilan bir safda mehnat qilishni boshlaydi. Shahardagi bolalar uylarining qizlari tikuv sexlarida, harbiy gospitallardagi yaradorlarga qarash uchun jalb etilsa, o‘g‘il bolalar harbiy sanoat korxonalarida ishlagan. Qishloqlardagi yoshlar erta bahordan dekabr oxiriga qadar dala ishlariga jalb etilgan.

Bu davrda ko‘chirib keltirilgan bolalarni o‘zbek oilalari qaramog‘iga olish ommaviy tus olgan. Bu o‘rinda biz ko‘proq, 13 nafar qarovsiz qolgan bolalarni asrab olgan, Stalingrad va Ukraina jang maydonlaridan jarohati sababli uyiga qaytib kelgan kattaqo‘rg‘onlik Hamid Samadov, 14 nafar bolani asrab olgan toshkentlik temirchi Shomahmudovlar oilasini, 12 nafar farzandga onalik qilgan samarqandlik Fotima Hasanovalarning jasorati haqida o‘qiganmiz. Shu bilan birga, o‘sha davr mashaqqatini anglagan deyarli har bir o‘zbek oilasi o‘z bag‘riga ota-onasiz qolgan bolalarni olgan.

1942 yil yanvarida respublikaning barcha hududlarida ko‘chirib keltirilgan bolalarning maishiy hayoti, moddiy ta’minotini o‘rganish va nazoratga olish uchun maxsus komissiya tashkil etilgan. Komissiyaning vazifasiga barcha Bolalar uyi tarbiyalanuvchilari hamda ota-onasiz qolgan bolalarni hisobga olish, ularni boshpana bilan ta’minlash, oilalar va tashkilotlar otalig‘iga taqsimlab berish, yordam puli, oziq-ovqat yig‘ishni tashkil etish yuklatilgan.

Shu yilning o‘zida ko‘chirib keltirilgan bolalar uchun maxsus jamg‘arma ochilib, hisobiga o‘zbekistonliklar 3,5 million rubl, oziq-ovqat va 80 mingta issiq kiyim-bosh yig‘ilgan.

Toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov xotini Bahri Akramova bilan 14 nafar turli millatga mansub bolani o‘z tarbiyasiga olgan. Ularning o‘z farzandi yo‘q edi. Ular tarbiyaga olganlar orasida rus, tatar, ukrain, belarus, qozoq, o‘zbek, chuvash va moldovan millatlariga mansub bolalar bor edi.

Urushdan so‘ng to‘rt nafar bolani qarindoshlari topib, o‘z uylariga olib ketishgan. Shu oilada tarbiyalanganlarning yana ikki nafari (Muazzam va Mixail) bir-birini sevib qolishadi va turmush qurishadi. Bolalardan biri Fedor Kulchikovskiy (Shomahmudovlar oilasida unga «Yo‘ldosh» deb ism berilgan) 45 yillik ayriliqdan so‘ng Ukrainada o‘z buvisi bilan ko‘rishadi. O‘shanda buvisi Darya Kulchanovskaya 104 yoshda edi.

Arxivda saqlanayotgan yana bir hujjatga ko‘ra 1942 yilda respublikada 20000 ming bolaning ovqatlanishini ta’minlash uchun ochiq oshxonalar ochilgan.

1942 yil sentyabriga qadar respublikaga 9 918 nafar tarbiyalanuvchilari bilan birga 78 ta mehribonlik uyi hamda 20 650 nafar ota-onasiz qolgan bolalar ko‘chirib keltirilgan. Barcha bolalar 1 sentyabrdan maktablarga joylashtirilib, dars jarayonlari boshlangan. Urush yillarida o‘rta ta’lim muassasalari, ayniqsa qishloq maktablari faoliyati og‘ir kechgan. Umumiy hisobda maktablarning 31% darsliklar bilan ta’minlangan.

Darsliklardan tashqari ta’lim jarayoni uchun eng dolzarb muammolardan biri – daftar va ruchkalar yetishmagan. Masalan, o‘quv yilida har bir o‘quvchiga 2-3 ta daftar va 1 ta siyohdon to‘g‘ri kelgan, atigi 21 foiz maktab siyoh bilan ta’minlangan. Maktablarning o‘zi tabiiy yo‘l bilan ro‘yan o‘simligidan siyoh tayyorlagan. Ta’lim tizimining eng og‘riqli muammosi, bu – fan o‘qituvchilarini urushga safarbar etilishi natijasida muallimlar yetishmasligi yuzaga kelgan. Shu sababli 1943 yildan hukumat o‘qituvchilarni harbiy xizmatga chaqirishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

«DYADENKA, DAYTE XLEB»

Hamid Samatov Ikkinchi jahon urushi yillarida ikki marta qahramonlik ko‘rsatadi. Birinchisi – Stalingrad va Ukraina jang maydonlarida bo‘lsa, ikkinchisi – fuqarolik burchini ado etishda.

1944 yil. Urushda og‘ir jarohat olib uyiga qaytayotgan Hamid Samadov Kattaqo‘rg‘on vokzalida yog‘och uycha ichida sovuqdan yashirinib o‘tirgan bolaga ko‘zi tushadi.

Bolakay unga: «Dyadenka, dayte xleb», deb yuzlanadi. Hamid yo‘l xaltasidagi bir bo‘lak nonini unga beradi. Bolakay nonni yemasdan, «Dyadenka, dayte yee», deydi yana.

Urushdan uyiga og‘ir jarohat bilan qaytgan Hamid shu kabi 13 nafar qarovsiz qolgan bolani asrab olib, katta qiladi.

U ko‘chada qarovsiz qolgan bolani ko‘rsa, chidab tura olmagan, uyiga olib kelavergan. Bir safar uch bolani, yana bir safar kuchugidan ajralishni istamagan bolakayni kuchugi bilan birga uyiga olib kelgan.

Eng qiyin ocharchilik vaqtlarni Hamid shunday eslaydi. «Uyda 13 bolakay, oziq-ovqat qolmagan. Bolalardan ikki nafari ochlikdan o‘lish arafasiga kelib qolgan».

O‘shanda, u shinel va etigini olib bozorga chiqadi va ularni to‘rt xalta kepakka almashtirib keladi. Bolalar xursand bo‘ladi. Lekin ertasi kuni voyenkom uni harbiy kiyimsiz ko‘rib, qattiq koyiydi:

– Sen nima, frontovik bo‘la turib, shinel va etigingni sotib ichdingmi? Axir bu sharmandalik-ku, – deya jahl qiladi u.

– Yo‘q, o‘rtoq polkovnik, – deya javob qaytaradi Hamid Samadov. – Men bolalarimga ovqat sotib olish uchun sotdim.

– Nechta bolang bor? – deb savol berilganda Hamid «13 nafar», deb javob beradi. Polkovnik uning so‘zlariga ishonmay, shu kunning o‘zidayoq Hamidning uyiga mashinada keladi. Vaziyatni ko‘rib, biron so‘z aytmay, uni bag‘riga bosadi.

Shundan so‘ng uch yil davomida polkovnik uning oilasiga yordam yuborib turadi.

«O‘sha, ocharchilik yillarida bu juda katta yordam bo‘ldi», deya eslaydi Hamid.

Toshkentga ko‘chirib keltirilgan bolalar yozuvchisi Korney Chukovskiy o‘z xotirasida «Toshkentga kelib, bir narsadan hayratlandim – Bolalar uylari oldida odamlar tarbiyalanuvchilarni asrab olish uchun uzoq navbat kutib turar edi», deya yodga olgan.

Mazkur jarayon rus yozuvchisi Konstantin Simonovning «Tirik va o‘liklar» romanida ham aks ettirilgan. Muallif shunday xotirlaydi: «Bir kechada temir yo‘l vokzalida yotgan minglab bolalarni ko‘rish mumkin edi. Tong otgach esa biron kishi qolmagan, ularning hammasi odamlar o‘z uylariga olib ketgan».

DAVOMI BOR…

Muhayyo TOSHQORAEVA,

O‘zA