Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berishcha, bugundan Xitoyning “Zhejang Loong Airlines Co.Ltd” aviakompaniyasi Sian – Toshkent – Sian yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni tiklaydi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, aviakompaniya mazkur reyslarni pandemiya tufayli vaqtincha to‘xtatgan edi. Joriy yil 10 fevralda esa pandemiyadan keyingi birinchi parvoz amalga oshiriladi.

“Muntazam parvozlar “Airbus A320” samolyotlarida haftada bir marta – juma kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan”, – deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, “Zhejang Loong Airlines Co.Ltd.” aviakompaniyasining Sian – Toshkent – Sian yo‘nalishi bo‘yicha ilk charter reysi 2019 yilning 27 sentyabrida amalga oshirilgan. O‘shanda 173 kishiga mo‘ljallangan “Airbus A320neo” samolyoti Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ngan.

Shuningdek, aynan “Zhejang Loong Airlines Co.Ltd.” aviakompaniyasi hamkorligida Xitoyning Sian, Xanchjou kabi shaharlarida O‘zbekistonning turistik salohiyati targ‘ib qilingan. 2020 yilning 10 yanvar kuni aviakompaniya tomonidan Chendu – Toshkent – Chendu birinchi charter reysi yo‘lga qo‘yilgan. “Zhejang Loong Airlines Co.Ltd.” aviakompaniyasi 2012 yilda tashkil topgan.

 

O‘zA