Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiyaning Qahramanmarash viloyatida sodir bo‘lgan 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalarni “asr falokati” deb atagan holda bu ayanchli hodisani “zamonamizning eng katta tabiiy ofatlaridan biri” deb izohladi.

BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida matbuotga bergan intervyusida Guterrish shunday dedi: “Biz ko‘plab qurbonlar uchun qayg‘uryapmiz. Afsuski, fojiali qurbonlar soni ortishda davom etmoqda. Minglab binolar vayron bo‘ldi. O‘n minglab odamlar sovuq qish sharoitida uylaridan ayrildi. Maktablar va shifoxonalar vayron bo‘ldi. Achinarlisi, bolalar juda ko‘p jarohatlarni boshdan kechirmoqda”.

Guterrish, shuningdek, hozirda gumanitar inqirozga yuz tutayotgan Suriya shimoli-g‘arbidagi zilziladan so‘ng odamlar “qo‘rqinchli tush”ni boshdan kechirayotganini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, tashkilot Bosh kotibi, Turkiya o‘n yildan ortiq vaqt davomida 3,6 million suriyalik qochqinni qabul qilishda “misli ko‘rilmagan saxiylik” ko‘rsatganini aytdi.

“Asr falokati”dan so‘ng BMT “Turkiya hukumatiga har qanday yordam ko‘rsatishga tayyor”. Bosh kotib xalqaro hamjamiyatni Turkiya tomonidan millionlab qochqinlarga berilgan yordam, “qo‘llab-quvvatlash va saxovat”ni hozirgi kunda Turkiya va Suriya xalqiga ko‘rsatish uchun ayni vaqti ekanligini aytib o‘tdi.

 

O‘zA