Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan mablag‘larning noqonuniy aylanishi, o‘zlashtirilishi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va ularga chek qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.

“D.T.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga motokultivator, mini traktor hamda parranda ozuqalari ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish uchun 530 million so‘m imtiyozli kredit ajratilgan.

Biroq, jamiyat rahbari A.U. va boshqalar shartnomada ko‘rsatilgan texnika va uskunalarni xarid qilmasdan, mablag‘ni boshqa korxonalarga o‘tkazish orqali naqdlashtirib olgan. Bu Departamentning Pastdarg‘om tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlandi.

Departamentning Ko‘kdala tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa “Q.B.” xususiy korxonasi rahbari B.B. 18 nafar fuqaroga issiqxonalar qurib berish hamda artezian qudug‘ini qazish uchun ajratilgan 492,3 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali talon-toroj qilgani aniqlangan.

Fuqaro O.X. va boshqalar 12 nafar fuqaroning xabardorligisiz soxta ma’lumotlar orqali ularning nomiga tijorat banki filialidan 212 million so‘m mikroqarz ajratilishiga erishgan. Mazkur firibgarlik holati  Departamentning Guliston shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fosh etildi.

Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa “A.B.” mas’uliyati cheklangan jamiyati va “Ya.B.I” kompaniyasi mas’ul shaxslari Kegeyli tumanida aholi uchun dam olish maskanini qurishda amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali jami 214,3 million so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganini aniqladi.

Departamentning Yangiyer shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro G.R. fuqaro J.T.ga 10 million  so‘m evaziga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Xovos shaharchasida yangi qurilgan uylardan birini subsidiya asosida olib berishga yordamlashishni va’da qilib, oldindan 5 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

G.R. 2022 yilning dekabr oyida fuqarolar D.N. va A.N.ning ishonchiga kirib, ularga subsidiya orqali uy-joyga muhtoj oilalarga ajratiladigan xonadondan birini olib berish evaziga 10 million so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA