Turkiya Respublikasining janubi-sharqiy hududida yuz bergan talafotli zilzilalar mamlakatimiz aholisini kuchli larzaga keltirdi. Ayanchli ofat yurtimizning har bir fuqarosida chuqur qayg‘u va hamdardlik hissini uyg‘otdi.
O‘zbekiston ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov soha mas’ullari bilan birga Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib, qardosh davlatning mamlakatimizdagi elchisi Olgan Bekar janoblari va elchixona mas’ullariga, Turkiya xalqiga hamdardlik va ta’ziya bildirdi.
Ichki ishlar vaziri ushbu og‘ir va sinovli kunlarda jabrlanganlar hamda vafot etganlarning oilasi va yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik tilab, elchixonada ochilgan hamdardlik kitobiga tasalli so‘zlarni yozib qoldirdi.
O‘zA