Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida yoshlarni bepul kasb-hunarga yo‘naltirish markazi faoliyat boshladi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining xalqimizga yo‘llagan murojaatnomasida maktab o‘quvchilarini kamida ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish ustuvor vazifa etib belgilangan edi. Joriy yil 20 yanvar kuni maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda maktablardagi sifat hali talab darajasida emasligi,  maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelayotganligi qayd etildi.

Mazkur yig‘ilishda belgilab berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida tumandagi 14-umumta’lim maktabining bo‘sh turgan binosi qayta rekonstruksiya qilinib kasb-hunarga yo‘naltirish markazi tashkil etildi.

Markazda o‘quvchilar 6 ta yo‘nalish, jumladan, ustachilik, chet tillarini o‘rganish, mobil telefon ta’mirlash, ayollar sartaroshi, tikuvchilik va qandolatchilik bo‘yicha amaliyot va bilim ko‘nikmalarini olishadi. Bundan tashqari,  maktab hududida quyonchilik, parrandachilikni rivojlantirish hamda issiqxonada mahsulot yetishtirish bo‘yicha kasbga yo‘naltirish nazarda tutilgan.

Ishtirokchilar markazda o‘quvchi yoshlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev  ishtirok etdi.


Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA