O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligiga bag‘ishlab “Alisher Navoiy – do‘stlik va adolat kuychisi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Azamat Toshev Alisher Navoiy asarlarida ulug‘langan o‘zaro totuvlik, hamjihatlik, insonparvarlik g‘oyalari bugun ham g‘oyat dolzarb ekanini ta’kidladi.
– Inson qadri, ayollarga hurmat, yoshlar tarbiyasi va boshqa barcha dolzarb masalalar Navoiy asarlarida o‘z ifodasini topgan, – dedi adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekov. – Alisher Navoiy davrida va undan keyin yashagan shoir borki, barcha turkiy xalqlar shoirlari uni o‘ziga ustoz, murabbiy, deb bilganlar. Uning asarlarida insoniylik yuksak badiiy ohanglarda kuylangani sababli ham dunyo ahli tomonidan hamon katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Navoiy o‘z xazinasi bilan bu dunyoning mantiqsizlik va chalkashliklariga barham beradi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ona tilimizga muhabbat, uning beqiyos boyligini e’tirof etish aynan Alisher Navoiy asarlari bilan kirib keldi.
– Tushkunlikka tushgan inson Navoiy asarlarini o‘qisa taskin topadi, – dedi Respublika qozoq milliy madaniyat markazi rahbari Serikboy Usenov. – Alisher Navoiy she’riyatini qozoq tiliga tarjima qilib, maktablarga, xonadonlarga tarqatayapmiz. Aslida Navoiy ijodini o‘rganishga inson umri yetmaydi. Lekin shunday bo‘lsa-da, Navoiy asarlari ezgulikka, olijanoblikka chorlashi bilan biz uchun doim qadrli bo‘lib qolaveradi.
Tadbirda Navoiy asarlarining jahon tillariga tarjimasi, uning asarlaridagi umumbashariy g‘oyalar xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,O‘zA muxbiri