“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot institutida olima ayollarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar uchun ilm-fan bilan shug‘ullanishlari borasida yaratilgan imkoniyatlar haqidagi kitoblar, risolalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Respublika “Oqila ayollar” harakati yetakchisi Oynisa Musurmonova,  “Oila va xotin-qizlar” ilmiy tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva ayollar va qizlarning ilm-fan bilan shug‘ullanishi uchun teng imkoniyatlar yaratish masalasi doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi. Mazkur ezgu maqsadlar yo‘lida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan  “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasida 11 fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar kuni deb e’lon qilingan.

“Oila va xotin-qizlar” ilmiy tadqiqot markazi tomonidan ayol-qizlarni fan sohasiga kengroq jalb etish, olima ayollar safini kengaytirish, ular faoliyatini rivojlantirish, gender tengligini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Dolzarb mavzudagi risolalar, qo‘llanmalar, monografiyalar yaratilmoqda.

Jumladan, “Oqila ayollar – farovon oila tayanchi” uslubiy qo‘llanmasi Prezidentimizning oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ilgari surgan g‘oyalariga muvofiq “Oqila ayollar” harakatining bugungi kundagi dolzarb vazifalari, oilaviy munosabatlar, farzandlarning burchi va mas’uliyati, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ayol-qizlarning manfaatlarini ta’minlash, bandlik, gender masalalari bilan birga zo‘ravonlik, oiladagi ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish masalalarini keng aks ettirgan.

“Gender ekspertiza o‘tkazishning huquqiy metodologik asoslari” qo‘llanmasi ta’lim jarayonida gender munosabatlari, shaxsning gender rivojlanishi, shaxsga yo‘naltirilgan strategiyalar, individuallikni pedagogik qo‘llab-quvvatlash, gender ta’limi uchun madaniy jihatdan mos muhitni yaratish yuzasidan mahalla va ta’lim tizimida faoliyat olib boruvchi xodimlarning o‘z ish faoliyatida foydalanishi uchun mo‘ljallangan.

“Oila va mahallada nogiron bolalarni to‘laqonli ijtimoiy hayotga moslashtirishning mobil yechimlari” uslubiy qo‘llanmasida nogironligi bo‘lgan bolalarning iqtidor, qiziqish va qobiliyatini erta aniqlash, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish, kasb-hunar sirlarini o‘rgatish orqali mustaqil hayotga tayyorlash, jamiyatga integratsiyalash borasidagi amalga oshiriladigan ishlarning mobil yechimi o‘z ifodasini topgan.

“Oilada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash – sog‘lom turmush asosi”  hamda “Oilalar barqarorligini ta’minlashda mehnat migratsiyasining ta’siri” ilmiy-metodik qo‘llanmalari “Xavfsiz mahalla” tamoyilining asosiy mezonlari, ularga asoslangan tizimni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga to‘laqonli va samarali joriy etish loyihasi doirasida tayyorlangani bilan ahamiyatlidir.

Taqdimot tadbirida yuqorida nomi keltirilgan barcha qo‘llanmalar xususida batafsil ma’lumotlar berildi. Yosh olim va tadqiqotchilarning oilaviy zo‘ravonlikka barham berish, erta turmush, ajrimlar borasidagi tadqiqotlariga oid  kelgusidagi rejalar belgilandi.

N.Usmonova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA