Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida “O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish strategiyasi”ning  rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashabbusi bilan Yevropa Ittifoqi va Xalqaro savdo markazi ko‘magida tashkil qilingan tadbirda vazirlik, idoralar, ishbilarmon doira vakillari, xalqaro va milliy ekspertlar ishtirok etdi.

Dastlab ishtirokchilarga mamlakatimizda barcha sohalarni raqamlashtirish, elektron munosabatni rivojlantirish, kelajak bozor iqtisodiyoti zamonaviy taraqqiyotini ta’minlash borasida olib borilayotgan tizimli islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Xalqaro ekspertlar fikricha, O‘zbekiston nisbatan qisqa vaqtda raqamli iqtisodiyotni turli sohalarga integratsiya qilish bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishdi. Respublikada elektron tijorat ekotizimi, raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda. Shu bilan birga maqbul taraqqiyotga ko‘maklashuvchi qator boshqa omillar ham mavjud. Xususan, raqamlashtirishni qo‘llab-quvvatlash, axborot texnologiyalari parki (IT-Park) yaratish uchun yetarli darajada tayyorlangan internet infratuzilmasi zarur. Hududlarda raqamli ko‘nikmani shakllantirish, ya’ni raqamli to‘lov xizmatini takomillashtirish, milliy marketpleyslar – “tradeuz.com” va “unisavdo.uz” yaratilishi lozim.

Anjumanda “O‘zbekiston elektron tijoratni rivojlantirish strategiyasi va ushbu dasturning amalga oshirilishi” mavzusida taqdimot o‘tkazildi. Shu bilan birga elektron tijorat rivojlanishi jarayoni, tadbirkor uchun xizmat qiladigan yangilik va qulayliklarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Raqamli transformatsiya markazi tomonidan ishlab chiqilayotgan yangi loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, elektron savdo muhim ahamiyatga, ulkan salohiyatga ega soha hisoblanadi. Ushbu yo‘nalish Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ham jadal rivojlanmoqda. Tuzilma umumiy sof daromadining beshdan bir qismi elektron savdo hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu tizim orqali eng ko‘p foydalanuvchi davlat Germaniya, eng ko‘p miqdordagi xaridni esa Daniya amalga oshiradi.

– O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish strategiyasi mahalliy mutaxassislar va YeI ekspertlari hamkorligida ishlab chiqildi, – dedi Raqamli transformatsiya markazi direktori Sherzod Sodiqov. – Ushbu dastur qulay elektron tijorat muhitini yaratish, jumladan, korxonaning muvaffaqiyatli raqamli transformatsiyasi ko‘nikmasini shakllantirishga hissa qo‘shadigan asosiy faoliyatni belgilaydi. O‘zbekiston kompaniyalariga minimal moliyaviy xarajat bilan yangi bozorlarga chiqish, biznes modeli jarayoni va operatsiyalarini takomillashtirish imkonini yaratadi. Ushbu loyiha tez orada mamlakatimiz taraqqiyoti, aholi farovonligi yo‘lida xizmat qila boshlashiga ishonamiz.

Go‘zal Sattorova, O‘zA